Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

17:48 27 Iyun 2022 Siyosat
707 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, ular faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kadrlar salohiyati va raqobatbardoshligini yanada oshirish, jurnalistika sohasini rivojlantirish maqsadida:

1. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2022-yil 1-iyuldan boshlab 2025-yil 1-iyulga qadar:

ommaviy axborot vositalari foyda soligʻini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi, reklama xususiyatiga ega boʻlgan ommaviy axborot vositalari bundan mustasno;

Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kiriladigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qogʻoz bojxona bojidan ozod etiladi;

b) 2023-yildan boshlab tegishli davlat organlari va tashkilotlari hamda boshqa muassasalarga 110 nusxa davriy bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish amaliyoti bekor qilinib, ular tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi (Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi bundan mustasno). Bunda, tegishli davlat organlari tomonidan xarid qilib olish uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladi;

v) byudjet tashkilotlariga ulardagi “kutubxona fondi” xarajat moddasi orqali davriy bosma nashrlar, ularning elektron shakli va elektron ommaviy axborot vositalariga obuna boʻlish uchun mablagʻ yoʻnaltirishga ruxsat beriladi.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022-yil 1-oktyabrdan boshlab bolalar uchun moʻljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish boʻyicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravarigacha miqdorda boʻlgan tanlov eʼlon qilinadi. Bu boradagi xarajatlar Axborot
va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga qoʻshimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

3. Faol jurnalistlarni muntazam ragʻbatlantirish va ular oʻrtasida ijodiy sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida har chorakda:

ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar (ijodiy guruh aʼzolari) quyidan yuqoriga oʻsib borish tartibida bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda pul mukofoti bilan taqdirlanadi;

amaliy va dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan 100 tagacha eng yaxshi tahliliy materialni tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish uchun davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) eng yaxshi materiallarni keng jamoatchilik va malakali mustaqil ekspertlar tomonidan ochiq va shaffof usulda elektron aniqlash tizimi – maxsus elektron platformani ishga tushirsin.

Belgilansinki, ushbu bandda nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

4. 2023-yildan boshlab jurnalistlar oʻrtasida har yili anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan oʻtkazishga eʼtibor qaratilsin, shuningdek, “Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindorlari:

bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;

birinchi oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari;

ikkinchi oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari;

uchinchi oʻrin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari;

12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlansin.

Belgilansinki, “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar “Ilhom” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) barcha davlat organlari va tashkilotlari oʻz muassisligidagi davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shakli, shu jumladan, mobil ilovalari tegishli davlat organlari va tashkilotlariga 2022–2024-yilda ajratilgan Davlat byudjeti hamda ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratilishini tashkil etadi, keyingi yillarda ularni modernizatsiya qilish uchun mablagʻ ajratib boradi;

b) 2023-yil yanvardan boshlab:

davlat organlari va tashkilotlari muassisligida boʻlmagan hamda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganiga kamida ikki yil boʻlgan davriy bosma nashrlarning zamonaviy elektron shaklini, shu jumladan, ularning mobil ilovalarini yaratish hamda modernizatsiya qilish va bir yil davomida yuritish xarajatlarini qoplash uchun 2026-yil 1-yanvarga qadar har yili eng yaxshi 20 ta loyiha boʻyicha tanlov eʼlon qilinadi. Bunda, har bir tanlov uchun Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha boʻlgan miqdorda mablagʻ ajratiladi;

davriy bosma nashrlar, kitob va boshqa matbaa mahsulotlariga masofadan turib obuna boʻlish va ularning buyurtmachigacha oʻz vaqtida yetkazib berilishini kuzatib borish imkonini beradigan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasi yaratiladi;

2026-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun moʻljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi (“Cashback”), reklama xususiyatiga ega boʻlgan davriy bosma nashrlar bundan mustasno. Bunda, ushbu xarajatlar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga qoʻshimcha ajratiladigan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X. Shermatov) hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) 2022-yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Obuna” yagona elektron platformasi, shu jumladan, uning mobil ilovasini yaratsin va elektron toʻlov tizimlari bilan integratsiya qilsin hamda uning doimiy ravishda modernizatsiya qilinishi, texnik qoʻllab-quvvatlanishi va faoliyat yuritishini taʼminlasin.

6. Jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlarning malakasini oshirish va jurnalistlarning xorijiy tillarni oʻrganishini ragʻbatlantirish maqsadida 2022-yil 1-sentyabrdan boshlab:

a) oliy taʼlim muassasalarida jurnalistika yoʻnalishi boʻyicha taʼlim beradigan professor-oʻqituvchilarning mualliflik koʻrsatuv va eshittirishlari hamda yirik tahliliy maqolalari ularni moddiy ragʻbatlantirish nuqtayi nazaridan ilmiy maqolaga tenglashtiriladi;

b) ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari va axborot xizmatlarida kamida besh yil ishlagan hamda ushbu yoʻnalishlar boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida dars berayotgan, Oʻzbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga ega boʻlgan shaxslar mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra 1-ilovaga muvofiq professor va dotsent ilmiy unvoniga ega boʻlgan shaxslarga tenglashtiriladi;

v) oliy taʼlim muassasalari rektorlariga jurnalistika sohasi boʻyicha kadrlar tayyorlash jarayoniga ommaviy axborot vositalarining taniqli va tajribali xodimlarini, sohaning yetuk mutaxassislarini jalb qilish va ular mehnatini oliy taʼlim muassasasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ragʻbatlantirish huquqi beriladi;

g) jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari kafedralarining ixtisoslashtirilgan boʻlimlari 2-ilovaga muvofiq tashkil etiladi;

d) ommaviy axborot vositalarida kamida bir yil davomida asosiy ish joyi sifatida ishlab kelayotgan jurnalistlar va tahririyat xodimlarining:

xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmagan qismi kompensatsiya qilinadi. Bunda, ular xorijiy tillar boʻyicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi hamda nodavlat taʼlim tashkilotida oʻqish bilan bogʻliq haqiqiy xarajatlarni isbotlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim;

xorijiy tillar boʻyicha V2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlish uchun imtihon topshirish xarajatlari toʻliq kompensatsiya qilinadi.

Bunda, ushbu «d» kichik bandda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

7. Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi oliy organi qarori bilan Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi deb qayta nomlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy koʻchasi, 16-uy manzildagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

Belgilansinki, 2023–2024-yillarda 50 nafar jurnalist va tahririyat xodimlari xorij mamlakatlariga malaka oshirish, tajriba oʻrganish, stajirovka oʻtash va nufuzli media tadbirlarda ishtirok etish uchun yuboriladi hamda ular uchun xorijlik malakali mutaxassislar jalb etilgan holda oʻquv kurslar tashkil etiladi. Bu boradagi tegishli xarajatlar Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari har yili Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining tegishli hududiy boʻlimlari faoliyatini samarali tashkil qilish, saqlash xarajatlarini qoplash va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan belgilangan tartibda subsidiya sifatida mablagʻ ajratib borish choralarini koʻrsin.

8. Jurnalistlarning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish tizimini yanada kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining quyidagilarni uyushma tomonidan amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:

jurnalistlar va davlat organlari, jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida yuzaga kelgan nizolarning sudgacha hal etilishiga koʻmaklashish;

jurnalistlarning professional faoliyatiga taalluqli jinoyat ishlari boʻyicha ish yuritishda ularning jamoatchilik himoyachilari sifatida qonunda belgilangan tartibda ishtirok etish;

tele- va radiokanallarning badiiy kengashlari faoliyatiga jalb qilingan malakali ekspertlarni Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasiga Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan doimiy ravishda ragʻbatlantirib borish.

9. Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi oliy organi qarori bilan Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi deb qayta nomlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi tomonidan tavsiya etilgan media loyihalarni amalga oshirish rejalariga muvofiq vazirlik, idora, tashkilot va hokimliklarga ularning byudjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shartnoma asosida media mahsulotlar yaratish, ularni realizatsiya qilish hamda boshqa media loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

10. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasiga ommaviy axborot vositalari uchun grantlar, ijtimoiy buyurtmalarning soni va miqdorini oshirib borish hamda bu borada alohida tanlovlar oʻtkazish tavsiya etilsin.

11. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X. Shermatov) Adliya vazirligi (R.Q. Davletov), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) bilan birgalikda uch oy muddatda teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish va qurish, teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlaridan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish uchun belgilangan davlat boji miqdorini 50 foizgacha kamaytirish hamda uni yil davomida boʻlib-boʻlib toʻlashni joriy qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, quyidagilar uchun davlat bojining alohida miqdorlari nazarda tutiladi:

teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) tarmoqlarini loyihalashtirish va qurish;

mamlakat miqyosida teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish) yoki hududiy teleradioeshittirishlarni tarqatish (namoyish qilish);

radioeshittirishlarni tarqatish.

12. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Matbuotchilar koʻchasi, 32-uy manzilida joylashgan “Matbuot uyi” bino va inshootlari Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.

Belgilansinki, ushbu binoga davriy bosma nashrlarning tahririyatlari ijara haqi toʻlamasdan (kommunal toʻlovlar va koʻrsatiladigan boshqa xizmatlar bundan mustasno) joylashtirilishi mumkin.

13. Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) Qurilish vazirligi (B.I. Zakirov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.M. Boboyev), Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bilan birgalikda:

ushbu qarorning 12-bandida keltirilgan bino va inshootlar hamda ularga tutash hududda zamonaviy media shaharcha tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni 2023–2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin;

ushbu loyiha boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash uchun 2022–2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan va oʻzlashtirilmagan mablagʻlar hisobidan yetarli miqdorda mablagʻ ajratish choralarini koʻrsin.

Zamonaviy media shaharcha loyihasi yakuniga yetkazilguniga qadar Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi oʻz faoliyatini Toshkent shahri, Mirobod tumani, Buyuk Turon koʻchasi, 42-uy manzilida joylashgan binoda davom ettirsin.

14. 2022–2023-yillarda ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash hamda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari dasturda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan masʼul ekanliklari koʻrsatib oʻtilsin.

15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.A. Xodjayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash «Ilhom” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida»gi PQ–3184-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshisidagi, 5-bandining ikkinchi xatboshisidagi, 10-bandidagi hamda qarorga 1-ilovaning oʻn beshinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “Jurnalistlar ijodiy uyushmasi” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Jurnalistlar uyushmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3195-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

18. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.A. Xodjayev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sh.I. Asadov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                        Sh. Mirziyoyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?