Ommaviy ahamiyatga ega obyektlar eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun arxitektura tanlovi majburiy oʻtkaziladi

11:22 23 Sentyabr 2022 Jamiyat
405 0

Illustrativ foto

Ommaviy ahamiyatga ega obyektlar eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun arxitektura tanlovi majburiy oʻtkaziladi

“Respublikada kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaror (PQ–378-son, 22.09.2022-y.) qabul qilindi

Qarorga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan taʼlim vazirliklari, Sogʻliqni saqlash, Madaniyat va Sport vazirliklari huzuridagi buyurtmachi xizmatlari va ularning hududiy filiallari, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi buyurtmachi xizmatining hududiy filiallari tugatiladi.

Tugatilayotgan buyurtmachi xizmatlarining ishlari hokimliklar huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.

2023-yil 1-yanvargacha yuqoridagi injiniring kompaniyalarining tashkiliy-huquqiy shakli davlat unitar korxonasi shakliga oʻzgartiriladi.

2023-yil 1-yanvardan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha buyurtmachi xizmatlarining biznes-rejasi ularning muassisi tomonidan Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.

2022-yil 1-dekabrgacha Kapital qurilish sohasida buyurtmachi xizmati toʻgʻrisidagi nizomning yangi tahriri ishlab chiqiladi.

Loyihaning qiymati yoki kapital qoʻyilmalar limitlarini maqbullashtirishda buyurtmachi xizmatiga toʻlanadigan xizmat haqini kamaytirish taqiqlanadi.

2023-yil 1-aprelgacha “Shaffof qurilish” tizimida texnik nazorat ishlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarni baholash platformasi joriy qilinadi.

2023-yil 1-yanvardan ommaviy ahamiyatga ega noyob va alohida muhim obyektlarning eskiz loyihasini ishlab chiqish uchun buyurtmachi xizmati tomonidan arxitektura tanlovi majburiy oʻtkaziladi.

Qarorga koʻra, Qurilishda texnik meʼyorlash markazi va Qurilishda standartlashtirish respublika markazi negizida davlat muassasasi shaklida Qurilishda texnik meʼyorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi.

2023-yil 1-iyulgacha fuqarolar uchun geolokatsiyasi koʻrsatilgan holda, qurilish uchun berilgan barcha hujjatlar, qurilish nazoratini olib borishda chiqarilgan xulosalar bilan tanishish imkonini beruvchi ochiq elektron tizim yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?