«Omikron» shtammining asosiy belgilari maʼlum qilindi

02:06 29 Noyabr 2021 Dunyo
30917 0

Illyustrativ foto

Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) tibbiyot assotsiatsiyasi raisi, amaliyotchi shifokor Anjelik Kutze koronavirusning «Оmikron» shtammining ilk va asosiy belgilari haqida maʼlumot berdi.

Uning soʻzlariga koʻra, ushbu shtamm bilan zararlanganlar bemorlar charchoq, tushkunlik va kuchli bosh ogʻrigʻidan shikoyat qilganlar. Shu bilan birga, isitma va tomoq ogʻrigʻi bir necha oʻnlab infeksiyani yuqtirganlar orasida faqat bir yoki ikki kishida kuzatilgan. Shuningdek, yangi shtamm bilan kasallanganlarda qondagi kislorod darajasi (saturatsiya) tushib ketmagan.

Kutzening qoʻshimcha qilishicha, bemorlarning hech biri kasalxonaga yotqizilmagan.

«Omikron» shtammini yuqtirganlar kasalxona parvarishi va kislorodga muhtoj emas. Menga yordam soʻrab murojaat qilganlarning tuzalib ketishiga 2-3 kunda yetarli boʻldi va bu vaqtni ular uyda oʻtkazishdi», deydi mutaxassis.

Maʼlum qilinishicha, yangi shtamm bilan asosan yoshlar kasallangan. Ular orasida olti yoshli bola ham boʻlgan. Shifokor bemorlarning yarmidan koʻpi emlanmaganligini aytgan.

26-noyabr kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) JARda koronavirusning yangi shtammi V.1.1.529 aniqlanganini eʼlon qildi va u «Omikron» deb nomlandi.

Uni “tashvishli variantlar” roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi qaror ushbu shtammning COVID-19 epidemiologiyasiga xavfli taʼsiri haqida taqdim etilgan dalillarga asoslangan maslahat guruhining tavsiyasiga binoan qabul qilingan.

Yangi shtamm birinchi marta 9-noyabrda JARda aniqlangan. JSST esa maʼlumotni 24-noyabr kuni olgan. Uning paydo boʻlishi mazkur mamlakatda kasallanishning keskin oʻsishiga sabab boʻlgan. Ekspertlar guruhining taʼkidlashicha, yangi variantda juda koʻp mutatsiyalar mavjud boʻlib, bu jiddiy tashvish uygʻotadi.

Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, mazkur mutatsiyalar immuniteti zaif odam organizmida paydo boʻlgan. Shu bois u koronavirusning avvalgi “Alfa”, “Beta” va “Delta” shtammlariga qaraganda juda xavfli boʻlishi mumkin.

«Omikron» allaqachon bir nechta Yevropa mamlakatlari — Germaniya, Chexiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Belgiyada aniqlandi. Shuningdek, virusning ushbu shtammi bilan kasallanish Gonkong, Isroil va Avstraliyada ham qayd etildi.

JARlik shifokorlarga koʻra, yangi shtammda hid va taʼm bilish yoʻqolmaydi, faqat isitma va charchoq holatlari kuzatiladi. Koʻp bemorlarda yurak urishi tezlashgan. Eng tashvishlisi, ushbu mutatsiya birinchi navbatda yoshlar, shu jumladan, bolalarda koʻp aniqlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?