“Omikron”: Osiyo mamlakatlari kasallikning yangi “nishon”iga aylanmoqda

12:15 17 Yanvar 2022 Jamiyat
1092 0

Koronavirusning “omikron” shtammi dunyo aholisini yana ihotalanishga majbur qildi. Ayniqsa, pandemiyaning yangi toʻlqini avj olayotgan mamlakatlar qoʻshimcha karantin cheklovlari orqali kasallikning keng tarqalishiga toʻsiq qoʻymoqchi.

Masalan, Germaniyada jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurish taqiqlandi. Vaksina olmagan va “manfiy” test natijasi boʻlmaganlar restoranu barlar, teatru tomoshagohlar hamda fitness klublariga kirishdan mahrum.

Fransiyada buster-doza bilan emlanish uchun aholiga 7 oy muddat berildi. Chunki hozir bu yerda kunlik kasallanish holatlari choʻqqiga chiqqan. Masalan, 15-yanvarda mamlakatda 324 ming kishida SOVID-19 infeksiyasi aniqlangan.

Daniyada ham mutaxassislar emlanishga katta umid bogʻlashyapti. Shu sababli u Yevropada toʻrt dozali vaksinani qoʻllagan birinchi davlat boʻldi.

Gretsiyada esa 60 yoshdan oshgan emlanmagan fuqarolar jarimaga tortila boshladi. Toʻlov miqdori 50 yevroga teng va kelgusi oydan u ikki barobar oshiriladi.

Hindiston pandemiya davrida koronavirusni yuqtirish koʻrsatkichlari boʻyicha jahonda ikkinchi oʻrinda. Bu yerda jami kasallanganlar soni 37 million nafardan oshgan. Ulardan 486 ming nafari SOVID-19 asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumgan.

Hozir ham mamlakatda epidemiologik vaziyat murakkab. Mahalliy shifokorlar aholidan hech boʻlmaganda bu yil Gang daryosida ommaviy choʻmilish marosimida ishtirok etmaslikni soʻragan. Biroq bu ogohlantirishlarga qaramay, kecha 350 ming kishi yoppasiga suvga tushdi.

Rossiya esa epidemiologik vaziyat oldingi pandemiya toʻlqinidan ham xavotirli tus olishidan tashvishda. Misol uchun, kecha mamlakatda qariyb 29 ming kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Mutaxassislar 1-fevralga qadar kasallanish koʻrsatkichlari 65 mingga yetishi mumkin, deb prognoz qilishmoqda.

Xitoyda kelgusi oyda 4 yillikning muhim tadbiri — qishki Olimpiada oʻyinlari oʻtkazilishi kerak. Lekin karantin choralari qanchalik kuchaytirilmasin, mamlakatda musobaqaga 18 kun qolganida ilk “omikron” holati roʻyxatga olindi.

Yaponiyada esa koronavirusning ushbu mutatsiyasini yuqtirgan bemorlar orasida birinchi oʻlim holati qayd etildi.

Amerikalik olimlar ana shunday murakkab vaziyatda, yaʼni “omikron” shtammining tez surʼatlarda tarqalishi oqibatida koronavirusning yangi mutatsiyalari paydo boʻlishi mumkin, degan xulosani aytishdi. Shu sababli ular emlanish, ayniqsa qoʻshimcha dozada vaksina olish eng samarali va toʻgʻri chora ekanligini taʼkidlashmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?