“Omikron”: Koʻrsatkichlar pasaydi, ammo xavotirlar kamaygani yoʻq

17:07 14 Yanvar 2022 Jamiyat
378 0

Foto: printveela.com

Kecha dunyo boʻyicha qariyb 2,8 million kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Bu bir kun avvalgi rekorddan 871 mingta kam koʻrsatkichdir. Biroq qator davlatlarda hamon oʻsish dinamikasi yuqori.

Masalan:

AQSHda — 889 ming,

Fransiyada — 302 ming,

Italiyada — 185 ming, 

Ispaniyada — 159 ming,

Avstraliyada — 128 ming,

Argentinada — 128 ming,

Buyuk Britaniyada — 105 ming bemorda СOVID-19 roʻyxatga olingan.

Ayrim davlatlarda esa pandemiya davridagi rekord koʻrsatkichlar yangilangan. Shulardan biri — Braziliya. Bu yerda 13-yanvar kuni 98 mingga yaqin kishida kasallik aniqlangan. Filippinda 34 ming yangi holat qayd etilgan.

Turkiyada ham epidemiologik vaziyat murakkablashmoqda. Kecha mamlakatda koronavirusga topshirilgan PZR testlardan 75 mingdan ziyodi “musbat” natijani koʻrsatdi.

Qozogʻistonda esa “omikron” shtammi paydo boʻlishi va COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshgani munosabati bilan bugundan qoʻshimcha cheklovlar joriy etildi.

Xabar qilinishicha, savdo majmuasi va tarmoqlari, sport, fitnes klublari, yoga markazlari, basseyn va saunalarga kirish uchun endi emlangalikni tasdiqlovchi sertifikat talab qilinadi.

Shuningdek, mijozlardan yetti kun ichida topshirilgan PZR testi “salbiy” natijasi talab qilinadi. Bunday muassasalarga uch oy ichida koronavirus bilan kasallangan kishilar ham kiritilishi koʻzda tutilgan.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki Qozogʻistonda soʻnggi kunlarda kasallanish holatlari keskin oshib bormoqda. Misol uchun, bu yerda 10-yanvarda 2230, 11-yanvarda 4890, 12-yanvarda 9180 nafar kishida СOVID-19 roʻyxatga olingan boʻlsa, kecha yangi holatlar soni 10 500 tadan oshib ketdi.

“Omikron” Indoneziyada ham shiddat bilan tarqala boshladi. Mamlakatda shu kungacha 572 ta yangi mutatsiyaga chalinish holati aniqlangan.

Rossiyada oʻtgan yilning noyabr oyidan buyon kunlik kasallanish koʻrsatkichlari ortga qaytishi kuzatilayotgan edi. Ammo mamlakatga yangi shtamm kirib kelgach, yana oʻsish surʼatlari koʻzga tashalanmoqda.

Kecha mamlakatda 23 ming 820 nafardan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangani va 12-yanvarga nisbatan 6 ming ziyod holat roʻyxatga olingani buning tasdigʻidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?