«Omikron» boʻyicha ilk tadqiqot: Uning vaksinalarga chidamliligiga baho berildi

16:18 09 Dekabr 2021 Dunyo
557 0

Illyustrativ foto

Koronavirusning yangi — «Omikron» shtammi ushbu infeksiyaga  qarshi mavjud vaksinalar tomonidan taqdim etilayotgan himoyani qisman chetlab oʻtishi mumkin. Biroq umuman olganda, u boshqa mutatsiyalardan koʻra xavfli emas. Xuddi shunday xulosaga Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) olimlari tomonidan oʻtkazilgan birinchi laboratoriya tadqiqotlaridan soʻng kelindi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)ning taʼkidlashicha, hozircha «Omikron» “Delta” variantidan koʻra antitanalar tomonidan taqdim etilgan himoyani muvaffaqiyatli yengib oʻtishga qodirligi haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. Mavjud vaksinalar hali ham kasallikni ogʻir shakllaridan himoya qilishi kerak.

JARlik tadqiqotchilar Pfizer/BioNTech vaksinasining ikki dozasi bilan emlangan 12 ishtirokchidan 14 ta plazma namunalarini oldilar va plazmaning «Omikron»ni zararsizlantirish qobiliyatini sinab koʻrdilar.

Maʼlum boʻlishicha, «Omikron» antitanalarni “Delta”ning oldingi eng keng tarqalgan versiyasiga qaraganda ancha muvaffaqiyatli chetlab oʻta olgan. Umuman olganda, Pfizer/BioNTech vaksinasi «Omikron»ga qarshi 2019-yilda Xitoyda aniqlangan asl koronavirus shtammiga nisbatan 40 baravar kam neytrallashtiruvchi antitana ishlab chiqardi.

Biroq, antitanalarning soni sezilarli darajada kamayganiga qaramay, «Omikron» hali ham vaksinani himoya qilishni toʻliq chetlab oʻta olmadi. Koronavirusga chalingan va toʻliq emlangan odamlarda antitanalarning nisbatan yuqori darajasi saqlanib qolgan.

Dastlabki xulosalar

Ushbu tadqiqot hali ilmiy retsenziyadan oʻtmagan boʻlsada, ayrim xulosalarni berishi mumkin.

Olimlar antitanalarning yangi variantni zararsizlantirish qobiliyatida ayrim susayishni payqashdi, ammo «Omikron» ularni butunlay chetlab oʻtolmadi, deya tushuntiradi tadqiqotga rahbarlik qilgan Afrika sogʻliqni saqlash ilmiy-tadqiqot instituti virusologi, professor Aleks Sigal.

«12 kishining qon tahlillariga asoslangan natijalar men «Omikron»dan kutgan natijalarga qaraganda yaxshiroq», deydi Aleks Sigal

«Mavjud vaksinalar kasallikning ogʻir kechishi va kasalxonalarga yotqizish nuqtayi nazaridan hozirgi vaqtga qadar aniqlangan mutatsiyalarga qarshi oʻz samarasini koʻrsatdi. Hozircha «Omikron»da boshqacha boʻladi, deyish uchun hech qanday sabab yoʻq», deydi JSST favqulodda vaziyatlar boʻlimi direktori Mark Rayan.

Professor Segalning fikricha, emlash, ayniqsa, oldingi kasallik bilan birlashganda, yangi variantni zararsizlantirishi mumkin. Bu shuni anglatadiki, kuchaytiruvchi dozalar ogʻir kasalliklardan yaxshi himoya qila oladi.

Yaqin kunlarda Pfizer/BioNTech vaksinasi «Omikron»dan qanchalik yaxshi himoyalanishi haqida koʻproq maʼlumotlar kutilmoqda. Boshqa vaksinalarning yangi variantga taʼsiri boʻyicha tadqiqotlar hali mavjud emas.

Avvalroq, Pfizer rahbari Albert Burla dastlabki tadqiqotlarga koʻra, Pfizer/BioNTech vaksinasining uch dozasi «Omikron»ga qarshi yuqori darajadagi himoyani taʼminlashini aytgan edi. Biroq, mavjud vaksina yetarlimi yoki yangisini ishlab chiqarish kerakmi, buni aniqlash uchun bir necha hafta kerak boʻladi.

JSST maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunga qadar «Omikron» shtammini yuqtirish holatlari dunyoning 57 mamlakatida rasman qayd etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?