Ombudsmanning Qoraqalpogʻistondagi mintaqaviy vakilini bilasizmi?

12:14 03 Mart 2021 Jamiyat
299 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 14 ta mintaqaviy vakili boʻlib, ular insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan Vakilga koʻmaklashadi.

Mintaqaviy vakil oʻz faoliyati toʻgʻrisida har chorakda Ombudsmanga axborot taqdim etishi, arz qiluvchining shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, shikoyatlarni tekshirishga doir axborotni Vakilning ruxsatisiz va roziligisiz oshkor etmasligi shart.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qoʻmitasi raisi Zuxra Reymova jamoatchilik asosida Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili sifatida faoliyat yuritadi.

Mintaqaviy vakil Zuxra Reymova aholidan kelayotgan murojaatlarni koʻrib chiqishda kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar muammolarini tezkorlik bilan hal etishga harakat qiladi. Jumladan, Z.Reymovaga «Qos koʻl» MFYda hisobda turuvchi fuqaro S.P. 3 nafar farzandi va turmush oʻrtogʻi bilan ijarada turishi, turmush oʻrtogʻining ishsizligi sababli toʻlov imkoniyati cheklanganini bildirib murojaat qilgan edi. Mintaqaviy vakil murojaat egasining yashash manziliga borib, uning oilaviy sharoiti bilan tanishgach, ushbu masala yuzasidan tegishli tashkilotlarga soʻrovnoma yubordi. Qisqa muddat ichida turar-joyga muhtoj boʻlgan murojaatchi va uning oila aʼzolari vaqtincha yashaydigan ijtimoiy uyga joylashtirildi.

Shuningdek, Zuxra Reymova Nukus shahridagi 2 nafar ishsiz fuqaroni 34-maktabga farrosh hamda Respublika endokrinologiya dispanseriga kichik tibbiy xodim sifatida ishga joylashtirishda amaliy yordam berdi. Yana 2 nafar yigit esa IT sohasidagi bilimlarini mustahkamlash va kasbga tayyorlash maqsadida Nukus kasb-hunar maktabida tashkil etilgan kompyuter savodxonligini oshirish boʻyicha 2 oylik kursga joylashtirildi.

Poyabzal taʼmirlash ustaxonasi ochish uchun joy ajratish masalasida yordam soʻragan murojaat egasi Ye.H.ga 21-kichik tuman hududidagi Beruniy koʻchasidan kichik yer ajratib berildi.

Yana bir murojaatchi N.S.ga 1 million 180 ming soʻmlik yozgi va qishki ortopedik poyabzallar sovgʻa qilindi.

Bundan buyon, Ombudsman mintaqaviy vakillarining inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasidagi faoliyatlari haqidagi maʼlumotlar Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) rasmiy veb-sayti va OAV orqali muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?