Ombudsmanning murojaati Konstitutsiyaviy sud majlisida koʻrib chiqildi

18:21 13 Iyul 2021 Jamiyat
245 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi majlisi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi M. Abdusalomovning raisligida boʻlib oʻtgan ushbu majlisda taraflar — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) hamda Vazirlar Mahkamasi vakillari va Adliya vazirining oʻrinbosari ishtirok etdi.

Sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash hamda yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 43 va 47-bandlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53 va 54-moddalariga muvofiqligini aniqlash toʻgʻrisidagi murojaati koʻrib chiqildi.

Konstitutsiyaviy sud “Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 43 va 47-bandlarini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, deb topdi.

Ayni paytda Nizom normalarini amalda qoʻllanilishi jarayonida ayrim davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan, shuningdek, olib qoʻyilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlarining roziligini olish imkoni boʻlmaganda (kelishuvga erishilmaganda) ular bilan tashabbuskor oʻrtasidagi nizo sud tartibida hal qilinishida rasmiyatchilik va boshqa kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi taʼkidlandi.

Jumladan, Oliy Majlis Senati Kengashining 2021-yil 24-maydagi KQ-225-IV-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq Toshkent viloyatida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning kafolatlari taʼminlanishi holatini oʻrganish natijasi haqida”gi qarorida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer maydonlarini olib qoʻyishda yoki buzilgan turarjoylar uchun kompensatsiya toʻlovlarining toʻlanishida qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi qayd etilgan. Bunday kamchiliklar va inson huquqlarining buzilishi hollari boshqa ayrim hududlarda ham mavjud ekanligi aniqlandi.

Shuningdek, Ombudsmanning Konstitutsiyaviy sudga murojaatida koʻrsatilgan fuqarolarning sudga qilgan murojaatlar asosida koʻrilgan ishlarning tahlili bu borada sud amaliyotida ham muayyan muammolar borligini koʻrsatadi.

Konstitutsiyaviy sud amaliyotda toʻplangan tajribalar asosida va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga toʻliq barham berish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlangani hamda umumxalq muhokamasiga qoʻyilganligini inobatga oldi.

Konstitutsiyaviy sud tomonidan Vazirlar Mahkamasiga yuqoridagi Nizomda qoʻllanilgan ayrim tushunchalarni qayta koʻrib chiqish hamda Uy-joy kodeksining 27-moddasiga olib qoʻyilayotgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati kompensatsiya qilib berilayotgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan past boʻlgan hollarda, ushbu farq yer uchastkasiga boʻlgan huquq egasi tomonidan qaytarilmasligini nazarda tutuvchi oʻzgartish kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish tavsiya etildi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud qarorida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi bilan bogʻliq nizolarni hal qilinishi boʻyicha sud amaliyoti haqida sudlarga tegishli tushuntirishlar berishni nazarda tutuvchi Plenum qarorini qabul qilish zarurati yuzaga kelayotganligi boʻyicha tavsiya berildi.

Qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman (shahar) hokimliklariga jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga, shuningdek “Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom qoidalariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?