Ombudsmanning Xorazmdagi mintaqaviy vakiliga javobgarlikka tortilmay kelinayotgan shaxs boʻyicha murojaat kelib tushdi

22:15 08 Avgust 2022 Jamiyat
294 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakiliga 2022-yil 14-iyun kuni Qoʻshkoʻshpir tumanida yashovchi fuqaro I.S. ariza bilan murojaat qilgan.

Arizada koʻrsatilishicha, I.S.ning oʻgʻli E.O. 2019-yil 29-sentyabr kuni Urganch-Xiva yoʻlida oʻziga tegishli boʻlgan “Matiz” rusumli avtomashinasini oʻzining harakatlanish boʻlagida boshqarib kelayotganida qarama-qarshi yoʻnalishda harakatlanib kelayotgan “Kobalt” rusumli X.X. boshqaruvida boʻlgan avtomashina boshqaruvni yoʻqotib uning harakat boʻlagiga oʻtib, oldiga chiqib toʻqnashuv sodir qilgan, sodir qilingan yoʻl-transport hodisasida oʻgʻlining aybi boʻlmasada uni nohaq aybdor qilganlar, hatto sudning hukmi chiqib, jazo ham tayinlangan.

Sud hukmidan norozi boʻlib yozilgan shikoyatlarga asosan 2021-yil 4-iyun kuni haqiqat qaror topib, murojaatchining oʻgʻli E.O. Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining hukmi bilan oqlangan. Jinoyat ishi esa sodir qilingan avtoavariyada aybdor shaxsni javobgarlikka tortish uchun viloyat prokuroriga yuborilgan.

Murojaatchi arizasida yuqoridagilarga qaramasdan hozirgi kunga qadar sodir qilingan yoʻl transport hodisasi uchun “Kobalt” rusumli avtomashina haydovchisining javobgarlikka tortish masalasi hal qilinmayotganligi bayon qilinib, shu masalada amaliy yordam berish soʻralgan edi.

Ariza Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan atroflicha oʻrganilib, toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun Xorazm viloyat prokuroriga yuborilgan.

Xorazm viloyat prokurorining oʻrinbosarining mintaqaviy vakilga bergan maʼlumotiga koʻra, hozirda Urganch tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisining qarori bekor qilinib, holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlanib yuborilgan.

Dastlabki tergov natijalari va jinoyat ishining keyingi taqdiri yuzasidan qoʻshimcha ravishda matbuotda xabar qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?