Ombudsman jamoat tartibini saqlashga masʼul boʻlgan xodimlarni xizmat paytida ortiqcha his-hayajonga berilmaslikka chaqirdi

18:51 24 Yanvar 2023 Jamiyat
314 0

Xabaringiz bor, 2023-yilning 20-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi gaz quyish shoxobchalaridan birida ichki ishlar organlari xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani tasvirlangan videolavha keng tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan, 20-yanvar kuni Andijon viloyati IIB Axborot xizmati tomonidan tezkor rasmiy munosabat berildi. Unda jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarlikni oldini olish maqsadida biriktirilgan Andijon viloyati IIB Patrul-post xizmati xodimi safdor R.Mirzayev janjalni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilayotgan vaqtida, janjal sababchilari O.R. va uning akasi O.J. xodimga nisbatan haqoratli soʻzlar ishlatib, uning qonuniy talablariga boʻysunmay faol qarshilik koʻrsatgani qayd etilgan.

Shuningdek, munosabatda hodisa joyida jamoat tartibi tiklanib, tartibbuzarlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan holda tuman IIBga olib kelingani va ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat oʻtkazilgani aytilgan.

Rasmiy munosabatga biriktirilgan videoda janjal sababchilari O.R. va uning akasi O.J. kichik tushunmovchilik boʻlgani, ularga nisbatan ogʻir tan jarohati yetkazilmagani va xodimga hech qanday eʼtirozlari yoʻqligini maʼlum qilishgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) eʼtiborini tortgan ushbu holat nazoratga olinib, uning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 20-yanvar kuni joyiga chiqib oʻrganildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jabrlanuvchi sifatida koʻrsatilgan aka-uka O.R. va O.J.lar hamda ularning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashilganda, ular haqiqatdan xam hech kimning tazyiq va zoʻravonligisiz, oʻz xohishlari bilan raddiya berganliklarini maʼlum qilishdi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Asaka tumani prokuraturasi tomonidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Video xabarda fuqarolarga jismoniy kuch ishlatgan xodimga nisbatan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Ombudsman jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarliklarni oldini olishga masʼul boʻlgan xodimlarni xizmat paytida ortiqcha his-hayajonga berilmasdan, oʻz vakolatlari doirasida ish tutishga chaqiradi.

Oʻzaro janjal paytida qoʻpol muomalada boʻlgan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish soʻnggi chora sifatida, tegishli normativ-hujjatlarga muvofiq qoʻllanilishi zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер