Ombudsman: masalani kuch ishlatish yoʻli bilan hal etishga urinish inson huquqlarining qoʻpol ravishda buzilishidir

Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar oʻrtasida oʻzaro janjallashish, bir-birini haqorat qilish, qoʻl koʻtarish va bir-biriga tan jarohati yetkazish kabi holatlar aks etgan videoxabarlar tarqalib bormoqda.
Shular haqida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) munosabat bildirdi.
"Samarqand tumanida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida ayollar farzandi koʻz oldida erkaklar tomonidan doʻpposlanishi tasviri koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi. Oʻrganishlar suratdagi bola aslida ayolning bolasi emasligi, unga enagalik qilishini koʻrsatdi. Yaxshilab oʻrganilmay turib, ommaga eʼlon qilingan bu kabi materiallar jamiyatimizda har xil kayfiyatni tugʻdirmoqda. Hozirda mazkur holat boʻyicha Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Nima boʻlganda ham oʻsib kelayotgan yosh avlod bu kabi oʻzaro hurmatsizlik, bir-birini obroʻsizlantirish, urush-janjal, oʻzgalar mulkiga zarar yetkazish kabi holatlarni koʻrib tarbiya olmasligi zarur.
Kuni kecha Samarqand viloyati boʻyicha Telegram_Yulduzlari| Rasmiy kanali (https://t.me/TYUZBEK) orqali yana bir videoxabar eʼlon qilindi. Unda ham ayol kishining kaltaklangani, qarshi tomonning esa davlat xodimi boʻlishi mumkinligi yozilgan. Videoda birinchi boʻlib ayolning shovqin koʻtarib, erkak kishiga tosh otgani ham koʻrsatilgan.
Yuqoridagi har ikkala holat boʻyicha Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov tomonidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Ikkinchi holat yuzasidan aniqlanishicha ayol kishini tepishga uringan erkak tadbirkor boʻlib, u viloyat hokimining tegishli koʻrsatmasiga asosan, 37 ta dala-hovli oʻrnida koʻp qavatli uy qurishni rejalashtirgan. Ombudsmanga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, uy egalarining roziligi bilan uy-joylar narxlari baholanib, snos holatiga keltirilgan. Ularga kompensatsiya pullari toʻlab berilib, uyni boʻshatishlari soʻralgan. Jumladan videoda norozilik kayfiyatidagi ayol ham kompensatsiya pullarini toʻliq qabul qilgani haqida maʼlumot berilgan. Lekin, ayol uyni boʻshatib berishga qarshilik qilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov oldi tekshiruv surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Har ikkala holat boʻyicha ham sud-tergov ishlari yakunlangach, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar koʻriladi.
Lekin, aholi oʻrtasida bir biriga baqirish, qoʻl koʻtarish, doʻpposlash, tahdid qilish kabilar odatiy holga aylanib borayotgandek.
Ombudsman fuqarolar oʻrtasidagi nizolarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlmasada, bunday mazmundagi xabarlarning koʻpayib borayotganidan xavotirda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida har kim oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega ekanligi belgilab qoʻyilgan.
Qolaversa, birovning shaʼni va qadr qimmatini kamsitish, obroʻsizlantirish, kaltaklash, bosim oʻtkazish va boshqalar amaldagi qonun hujjatlariga zid.
Maʼlumot uchun, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasiga koʻra, mayda bezorilik, yaʼni jamoat joylarida uyatli soʻzlar bilan soʻkinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 52-moddasida ehtiyotsizlik orqasida yengil tan jarohati yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi, qasddan yengil tan jarohati yetkazish esa, bu harakat sogʻliqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatini uncha koʻp davom etmaydigan turgʻun tarzda yoʻqotishga olib kelmagan boʻlsa, —bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan toʻrt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Mazkur kodeksning 62 prim-2 moddasida Oʻzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, oz miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilangan.
Shuningdek, oʻzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish koʻp boʻlmagan miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.
Oʻz huquqlaringizni yaxshi biling. Oʻzgalar huquqlarini ham hurmat qiling.
Jinoyat uchun jazo muqarrar. Qonun esa barcha uchun teng!" deyiladi Ombudsmanning rasmiy munosabatida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring