Ombudsman IIB binosiga olib ketilgan erkakning vafoti ochiq va adolatli surishtirilishini soʻramoqda

18:46 21 Iyun 2024 Jamiyat
707 0

Avvalroq Jinoyat ishlari boʻyicha Bekobod shahar sudida jamoat tartibini buzgan aka-uka IIBga olib ketilgani va u yerda fuqarolardan birining sogʻligʻi yomonlashib, shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergan edik.

Keyinroq Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov mazkur holat boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berib, unda voqea sodir boʻlgan joylarda mavjud boʻlgan barcha videoyozuvlar olingani, guvohlar hamda voqea ishtirokchilarning koʻrsatmalari tekshirilayotgani va tegishli sudga oid ekspertizalar tayinlanganini bildirdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) ning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili marhumning oila aʼzolari bilan uchrashib, taʼziya izhor qildi.

Qayd etilishicha, hozirda Ombudsman tomonidan aka-uka D. va D.Y.larga nisbatan kuch ishlatilganligi holati oʻrganilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB rasmiy munosabatida marhumning IIB binosiga kirish yoʻlagida sogʻligi yomonlashib hushini yoʻqotgani, u shahar shifoxonasiga olib borilgani va koʻrikdan oʻtkazilgan vaqtida vafot etganligi qayd etilgan edi.

“Hozirda fuqaroning oʻlimi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda mazkur holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga Ombudsmanning nazorat xati yuborilgan.

Shuningdek, Ombudsman ushbu holatni qonun talablari doirasida koʻrib chiqilishi, voqeaning barcha jihatlarini ochiq va adolatli surishtiruvini taʼminlashni soʻragan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?