Ombudsman fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan vazirlik va idoralarga 33 ta xulosa va 15 ta taqdimnoma kiritgan

03:19 07 Dekabr 2021 Jamiyat
320 0

Kecha Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuniga bagʻishlangan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilishda Ombudsman faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Ombudsman huzuridagi huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi boʻyicha komissiyasi aʼzolari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Mazkur tadbirda Ombudsman faoliyati tahlil qilinib, Inson huquqlari boʻyicha vakil institutining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda kirish soʻzi bilan ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov joriy yilda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan tegishli qaror va Farmon Ombudsman faoliyatini yanada mustahkamlanishiga xizmat qilayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” nomli kitobida mamlakatimizning keyingi besh yilligida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilishi belgilangan islohotlarga toʻxtaldi.

Davra suhbatida soʻz olgan YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Per Fon Arks Ombudsman institutini fuqarolar va davlat idoralari oʻrtasidagi koʻprik, uning ustunlari esa Inson huquqlari boʻyicha vakilning huquqiy asosidir, deya taʼrifladi.

Fuqarolar koʻprikning mustahkam ekanligiga ishonch hosil qilsagina murojaat qiladi. Demak, Ombudsmanning huquqiy asosi qanchalik mustahkam boʻlsa, unga fuqaroning ishonchi shuncha ortadi.

Tadbirda soʻz olgan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili Feruza Eshmatovaning soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga asoslangan. Bosh qomusimizning 13-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilangan. Shu nuqtayi nazardan, Ombudsman institutining ham asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini taʼminlanishiga erishishdan iborat.

Yigʻilishda qayd etilishicha, 2021-yil oʻn oyi davomida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili nomiga mamlakatimiz va xorijiy davlatlar fuqarolari, ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 15 373 ta murojaat kelib tushgan va parlament nazorati subyekti sifatida Ombudsman tomonidan 7 mingdan ortiq murojaatlar oʻz ish yurituviga olingan. Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan vazirlik va idoralarga 33 ta xulosa va 15 ta taqdimnoma kiritildi. Bundan tashqari, sudlarga 44 ta daʼvo arizalar kiritilgan va Ombudsman Kotibiyati xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 86 marotaba ishtirok etgan.

Davra suhbatida qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining joriy yil 10-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash yoʻlidagi muhim tarixiy qadam boʻldi. Unda amaldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonunni Farmonda aks etgan islohotlar asosida takomillashtirish vazifasi qoʻyilgan.

Mazkur hujjatning muhim yangiliklaridan biri, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilayotganidir. Bu bejiz emas, chunki inson huquqlari himoyasiga oid eng samarali takliflar aynan Ombudsmanning kundalik amaliyotida, odamlar, davlat va nodavlat tashkilotlari, sud hokimiyati va ekspertlik hamjamiyati bilan bevosita hamkorlikda shakllanadi. Bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham aynan shu jarayonda yuzaga chiqadi.

Tadbirda ishtirokchilar tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokama qilinib, uni yanada takomiliga yetkazish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuni arafasida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda Ombudsman bilan hamkorlikda ishlagan davlat va nodavlat idoralar vakillari tashakkurnoma bilan taqdirlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?