Ombudsman: 1-chorak davomida 80 mln soʻm atrofida aliment toʻlovlari undirilishiga erishildi

12:43 04 May 2021 Jamiyat
123 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga joriy yilning 1-choragida, yaʼni yanvar-mart oylarida aliment mablagʻlarini undirish boʻyicha 38 ta murojaat kelib tushgan. Barcha murojaatlar Ombudsman nazoratiga olingach, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tomonidan 32 ta ish ijobiy hal etildi. 31-mart holatiga koʻra, jami 80 mln soʻm atrofidagi aliment toʻlovlari murojaatchilar foydasiga undirilgan.

Qonunchilikka asosan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-4-moddasiga koʻra, moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib 2 oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik 15 muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻlishi mumkin yoki maʼmuriy qamoq qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan shaxslarga BHMning 20 baravari miqdorida jarima solinishi mumkin.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrish jarayonida aliment majburiyatlari boʻyicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda toʻlagan boʻlsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Qarzdorlarga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan soʻng ham aliment toʻlash majburiyati bajarilmasa, bu ularni jinoiy javobgarlikka tortishga asos boʻladi.

Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan, moddiy yordamga muhtoj boʻlgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, yaʼni ularni moddiy jihatdan taʼminlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga binoan undirilishi lozim boʻlgan mablagʻni jami boʻlib 2 oydan ortiq muddat mobaynida toʻlamaslik, shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida “Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar” deb belgilangan.

Shunday ekan, Ombudsman barcha aliment toʻlovchilarni, farzandlari haqqi va ota-onalik majburiyatlarini oʻz vaqtida ado etishga chaqiradi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?