Omadsiz taqdir egasi. Yoxud Sarri isteʼfoga haqlimidi?

18:32 09 Avgust 2020 Sport
996 0

Kecha barcha futbol ishqibozlarining diqqat-eʼtibori koʻhna qitʼaning nufuzli musobaqasiga qaratilgani shubhasiz. Lekin uchrashuvlar boshlanishidan oldinroq bir rasmiy xabar ham chiqqan ediki, keyinchalik kunning dolzarb voqealaridan biriga aylandi. «Yuventus» murabbiylar shtabida oʻsha kutilgan oʻzgarish sodir boʻldi. Bosh murabbiy Mauritsio Sarri bilan bogʻliq gap-soʻzlar, tortishuvlar va aksar muxlisu mutaxassislar fikri baribir oʻzini oqladi — uning isteʼfosi amalga oshdi. Bu hodisaga OAVda turli xil, bir-biriga oʻxshamagan munosabat va qarashlar bildirilmoqda hali ham. Sarrining jamoadan ketishi bir tomondan, notoʻgʻri qaror deb aytguvchilarda ham jon bordek aslida. «Skudetto»ni yutib bergani, qolaversa, bundan oldingi klublaridagi yorqin natijalari: “Chelsi” bilan erishgan Yevropa Ligasi kubogi, albatta, ushbu murabbiyni darajasi yuqori ekanligidan dalolat beradi. Buning ustiga bir ikki yil oldin «Napoli»da koʻtargan "furror"i baribir ijobiy tomonlama esda qolarli holatlar sirasiga kiradi. Bundan tashqari ham, Mauritsio oʻz murabbiylik salohiyati bilan alohida hurmatga ega insonlardan. Lekin futbolda shu tomoni ham borki, faqat bir yoqlama faktorlar har doim ham oʻzini oqlayvermaydi.

Ayniqsa, bugungi zamonaviy tezkor futbolda bu bir necha marta oʻz isbotini topib ulgurdi. Shuning uchun mashhur futbol ekspertlari sovrindor jamoalar murabbiylarini endi jamoaga singdirayotgan psixologik taʼsirlari bilan oʻlchashmoqda. Adekvat inson sifatida baho berish mumkinki, Sarriga bu xislat yetishmaydigandek, nazarimizda. Uning faoliyatiga eʼtibor qaratsak, dastlabki yillaridan boshlab Italiyaning oʻrtamiyona klublarini boshqarib yurgan. Ancha vaqtgacha. Muxlislar koʻziga koʻrina boshlagan karyerasi esa atigi 4-5 yil oldin boshlangan, desak toʻgʻri boʻladi. Darajasi ham oʻrtacha nisbatda oʻsib borgan. «Napoli», “Chelsi”larda ishlab yurib, birdaniga Turinga kelgani yetarlicha shov-shuvlarga sabab boʻlgandi. Koʻpgina muxlislar uning «Yuventus»dagi kelajagiga shubha bilan qaraganlar ham.

Mana bir yil oʻtib bu taxminlar oʻzini oqladi, jamoa uning isteʼfosini eʼlon qildi. Bizningcha ham, eng maqbul variantga kelib toʻxtaldi aslida. Garchand, mamlakat chempionligi rasmiylashtirilgan boʻlsa-da, “zebralar” bu yoʻlda talaygina beqaror oʻyinlar koʻrsatishdi, futbolchilar va murabbiy oʻrtasidagi kelishmovchiliklar va eng asosiysi YECHLda uchralgan kutilmagan muvaffaqiyatsizlik bosh sabab qilib koʻrsatildi. Bular toʻgʻri, lekin murabbiy bu qarorga qoʻshilmaganligini ifodalagan holda klubdan yana bir imkoniyat soʻramoqda. Ha, albatta, bu kishini ikkilantiruvchi, holat, lekin, biz bu borada «Yuventus» rahbariyatini bemalol oqlay olamiz. Dilemmaga tushishning hojati yoʻq. Chunki Sarrining yoʻnalishi turinliklarga butunlay begonaligi maʼlum boʻlib ulgurgandi. Uning oʻz uslubi bor, u oʻz «sarribol»iga ega. Turgan gapki, oʻyin quradigan murabbiy, taktikasi singdirilishi talab etiladi. Rivojlanib borayotgan futbol shuni koʻrsatmoqdaki, maydondagi sxemalar almashinuvi, futbolchilar rotatsiyasi gʻalabada muhim omilga aylanib boryapti. Lekin Mauritsioda bir mavsum davomida bunday xarakter koʻzga tashlanmadi. U himoyaviy jamoaga hujumkorlikni taklif etishda davom etdi. Koʻpchilik buning inqirozi yaqqol koʻrinmagani va unga biroz vaqt berilishi kerakligini uqtirishi mumkin.

Aslida unday emas, «Yuve» top jamoa, Yevropa grandlari sirasiga kiradi. Tabiiyki, kichik muammoli detallar kattalashib ulgurmaguncha bilinmaydi — klub individual futbolchilari oʻz mahorati evaziga buni yopib ketishaveradi. Oddiy misol, “A” Seriyaaning soʻnggi oʻnta bahsida ham toʻplangan ochkolar birgina Ronaldu va Dibalalar evaziga qoʻlga kiritilgani hech kimga sir emas.

Yaqindagi «Lion» ga qarshi bahsda ham «Yuve»ga yana bitta Krishtianu yetishmadi. Shu bois, jamoa mahoratli futbolchilarga tayanib vaziyatdan chiqib ketaverar ekan, bunda murabbiyning hissasi yoʻq deb qaraladi va bu natijalar uzoqqa bormaydi. Buning ustiga taktik jihatdan klubni deyarli boshdan-oyoq “yangitdan yaratdi”.

Himoyachilar va markaz oʻyinchilarini bir-biri bilan oʻta xato almashtirib tashlash natijasida ularning oʻyindagi saviya va mahoratlari tushib ketganligini koʻrishimiz mumkin. Mauritsio Sarriga balki bu borada omad yetishmayotgandir. Chunki “Chelsi”da ham bir yil oʻtib haydalgan, qizigʻi, bu yerda ham shunday boʻldi. Ikkala klubda ham futbolchilar bilan bogʻliq kelishmovchiliklar aybdoriga aylandi. Asl kasbi bankir boʻlgan bu inson balki bekorga xotirjam tipda oʻyin qurishini uqtirmayotgandir. Lekin, endi kech.

Qisqasi Sarri isteʼfosi haqida shuni xulosa qilishimiz mumkinki, u oʻz taktikasi qurboniga aylandi, «Yuventus»dek katta klubning talabi va bosimiga dosh bera olmadi, toʻgʻrisi, bu avvaldan kutilgandi. Turin klubi Italiyaning koʻp yillardan beri boʻlib kelgan bayroqdori, buning ustiga unda tarkibida dunyoning eng kuchli futbolchilaridan biri toʻp tepib kelayotgan ekan, murabbiyning bir yoqlama qarashlari doim ham toʻgʻri boʻlib chiqavermaydi.

Shunday muhim matchlar keladiki, u oʻyinni jamoasiga qurolmaydi, balki ichidagi yulduz futbolchilardan kelib chiqib quradi. Sarri shu joylarda biroz tajribasizlik qilgandek, nazarimizda. “Chelsi”, «Napoli»ning darajasi esa boshqa. Bu klublar Mauritsio kabi mutaxassislar uchun koʻp yillar davomida tizimni shakllantirib olish uchun ancha qulay. Lekin «Yuventus» darajasi boshqa. Uning rahbariyati uzoq vaqt kutib oʻtirolmaydi, jamoani yuqori marralar uchun poygadan chiqib ketishga haqqi yoʻq. Uzoq kutilayotgan va bosh maqsad sanalgan UYEFA sovrini yutib olinmas ekan, natija nolga teng deb hisoblanadi bu klubda. Shuning uchun ham qiymati eskirib ketgan «Skudetto» hech qanaqasiga Sarrini oqlay olmaydi. Murabbiy hurmatini saqlagan holda shuni ayta olamizki, uning uslubi «Yuventus»ga mos tushmaydi va u boshqa oʻrtamiyona klublarda mustahkam tizim yarata olishiga ishonamiz.

Yusufbek Saydaliyev

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?