Oltinga teng obihayot isrof boʻlmoqda(mi?)

00:15 13 Iyul 2021 Iqtisodiyot
929 0

Joriy yilning kam yogʻin boʻlishi, iyul oyining dastlabki oʻn kunligida yurtimizga kirib kelgan anomal issiq havo oqimi agrar sohada ham kechiktirib boʻlmas zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. Hududlarda maxsus guruhlar tuzilib, ularga qishloq xoʻjaligidagi muammolarni bartaraf etish, aniqlargan kamchiliklarni joyida hal etish, qishloq xoʻjalik ekinlari, ayniqsa paxta va ikkilamchi eksport uchun ekilgan ekinlarni suvsab qolishdan asrash boʻyicha sezilarli ishlar olib borilmoqda.

Joriy yilning 8-iyul kungi maʼlumotlarga koʻra, Jizzax viloyatiga qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish uchun 159,9 metr kub/sek suv olingan boʻlib va uning atigi 51,1 foizi, yohud 81,7 metr kub/sekund suv gʻoʻza maydonlarini sugʻorishga yoʻnaltirilgan. 2021-yil hosili uchun viloyatda 2 ming 227 ta fermer xoʻjaliklari hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan jami 80 ming 200 gektar yerda gʻoʻza parvarishlanayotgani hisobga olinsa, masalaning qanchalik jiddiy ekanini tushunish qiyin emas. Aslida yetkazib berilgan
1 metr kub/s suv bilan 40 gektar gʻoʻza maydonini sugʻorish mumkin boʻlsada, ayrim hududlarda bor-yoʻgʻi 33 gektar sugʻorilgan, xolos.

— Paxtakor tumani misolida aytadigan boʻlsak, bugungi kunda mazkur hududda 244 ta fermer xoʻjaliklari va paxta klasteri tomonidan 11 ming
700 gektar paxta parvarishlanmoqda, — deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning Paxtakor tuman boʻlimi inspektori Nurilla Joʻrayev. — Joriy yilning 8-iyul kuni
14 metr kub/sekund suvning 9.4 metr kub/sek qismi bilan bir kunda 376 gektar sugʻorish kerak boʻlsada, amalda 348 gektar sugʻorilgan. Bu esa gʻoʻzani sugʻorishda ortiqcha isrofgarchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligini anglatadi. Oʻsha kungi aniqlangan holatlar boʻyicha tegishli tashkilot va xoʻjaliklarga 10 ta ogohlantirish va 2 ta yozma koʻrsatmalar berilib, tuman hokimligiga bitta taqdimnoma kiritildi.

Agar ushbu holat umumiy darajada tahlil qilinsa, viloyat chegarasiga olingan suv bilan bir kunda jami 3 ming 268 gektar oʻrniga, 3 ming
23 gektar gʻoʻza maydoni (92,4 foiz) sugʻorilgan boʻlib, bu meʼyorga nisbatan
245 gektar kam deganidir.

— Issiq obi-havo sharoitida hosilni saqlab qolish dolzarb boʻlib turgan bir mahalda isteʼmolchilarning suvdan foydalanish madaniyati va tartibining yoʻqligi sababli kunlik olinayotgan suvdan samarali foydalanishda joylarda bir qator xato va kamchiliklar yuzaga kelayotgani kuzatilmoqda, — deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning Jizzax viloyat boshqarmasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslaridan foydlanashni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Gʻayrat Shodiyev. — Jumladan, Doʻstlik tumanidagi “Ulugʻbek Sirojiddin dalasi”, Zarbdor tumanidagi «Lada xrey kross» singari fermer xoʻjaliklarida 8-10 l/sek suvni toʻgʻridan-toʻgʻri kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab yuborgan boʻlsa, Paxtakor tumanidagi “Ufq dalasi” va Mirzachoʻl tumanidagi “Ulugʻbek” kabi fermer xoʻjaliklari esa 0,2-0,3 gektardan gʻoʻza maydonlarini koʻllatib sugʻorish hisobiga suvni isrof qilgan.

Darvoqe, gʻoʻzaning baravj rivojlanishida sharbatlab sugʻorishning ahamiyati katta ekanini ayniqsa, dehqonlarimiz yaxshi bilishadi. Biroq shunga qaramay aksariyat tumanlarda bunday usul qoʻllanilmagan.

Misol uchun, Arnasoy tumanidagi “Sherbek shamoli”, “Forishlik Oʻlmasbek”, «Arnasoylik Shuxrat», «Etti oʻgʻlon maskani», “Yangiboʻstonlik Yusufbek”, “Yangiboʻstonlik Jonibek”, Zarbdor tumanidagi «Zar saykal - S», «Ibroxim Diyorbek», «Roxila unumdor dalasi», «Shaxzoda Anvara dalasi» va «Zafar soy yuli», Paxtakor tumanidagi “Zafar Eʼzoza”, “Nur-ziyo Olimjon dalasi”, «Sulton Mirtoz» va “Faxrli Yurt” hamda Mirzachoʻl tumanidagi “Gulzor lochini”, “Qironov Toʻlqin”, “Marjon dala” va “Omad-5” fermer xoʻjaliklari tomonidan gʻoʻza maydonlari sharbat bilan sugʻormagan.

Shuningdek, joylarda gʻoʻza maydonlarini oʻz vaqtida sugʻormasdan chanqatib qoʻyish va sugʻorishda qoʻshib yozish holatlari ham uchrab turibdi. Xususan, suv xoʻjaligi tashkilotlari tomonidan joriy yilning 7-iyul holatiga viloyat boʻyicha jami 2028 ta fermer xoʻjaliklarining 55 ming 602 gektar gʻoʻza maydonlarida sugʻorish ishlari amalga oshirilganligi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qilingan, ammo «Oʻzagroinspeksiya»ning Jizzax viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlarda 2002 ta fermer xoʻjaliklarining 53 ming 68 gektar maydoni sugʻorilganligi maʼlum boʻldi.

Yana bir gap: Mavsum ishlarining koʻngildagidek borishi suvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ham bogʻliq. Ishchi guruhlari tomonidan ana shu jihatlar ham eʼtiborga olinib, bu boradagi masalalar chuqur oʻrganib chiqildi. Monitoring tahlillariga koʻra, viloyatdagi 35 ta fermer xoʻjaligida kunning issiq vaqtida suvchilarning dam olishlari uchun dalaning oʻzida yotoq joylari tashkil qilinmasdan, ularning ertalab va kechki soatlarda dalada ishlashlari uchun zaruriy sharoitlar yaratilmagan.

Tolibjon ERGASHEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?