“Oltin qalam” bosh milliy mukofoti gʻolibiga avtomobil beriladi

06:36 28 Iyun 2022 Jamiyat
334 0

Foto: Illustrativ foto

“Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-iyulgacha:

— ommaviy axborot vositalari foyda soligʻini 50 foiz kamaytirilgan holda toʻlaydi;

— Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan matbaa uskunalari, zamonaviy foto va radiotelevizion uskunalar hamda qogʻoz bojxona bojidan ozod etiladi.

2023-yildan davlat organlari va tashkilotlariga 110 nusxa bosma nashrlar va 67 nusxa kitob mahsulotlarining majburiy bepul nusxalarini yuborish bekor qilinib, davlat organlari tomonidan bosma mahsulotlarni xarid qilib olish tartibi joriy qilinadi.

2022-yil 1-oktyabrdan bolalar uchun moʻljallangan tele- va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish boʻyicha har yili eng yaxshi 30 ta loyiha uchun har biri BHMning 300 baravarigacha (90 mln. soʻmgacha) boʻlgan tanlov eʼlon qilinadi.

Har chorakda OAVda eʼlon qilingan 100 tagacha eng yaxshi material uchun mualliflar BHMning 50 baravarigacha (15 mln soʻmgacha) miqdorda pul bilan taqdirlanadi.

2023-yildan “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindorlari:

— bosh milliy mukofot uchun – avtomobil;

— 1-oʻrin uchun – BHMning 200 baravari (60 mln soʻm);

— 2-oʻrin uchun – BHMning 175 baravari (52 mln 500 ming soʻm);

— 3-oʻrin uchun – BHMning 150 baravari (45 mln soʻm);

— 12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyaning har biri uchun – BHMning 100 baravari (30 mln soʻm) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Davriy bosma nashrlarga buyurtmalarni onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Obuna” yagona elektron platformasi, uning mobil ilovasi yaratiladi.

2026-yil 1-yanvargacha “Obuna” platformasi orqali obuna qilingan nashrlar obuna narxining 10 foiz, bolalar uchun moʻljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining 20 foiz miqdori davlat tomonidan qaytarib beriladi (“Cashback”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер