Oltiariqdagi bogʻcha tarbiyalanuvchilarida ovqatdan zaharlanish belgilari mavjud emas — Sogʻliqni saqlash vazirligi

Foto: Arxiv surat
Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasining 20 nafardan ortiq tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilganiga doir xabarlar tarqaldi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati ushbu holat yuzasidan olib borilgan tezkor oʻrganishlarga asoslanib, quyidagilarni maʼlum qiladi.
Shu yil 21-oktyabr kuni soat 11:45 lar atrofida Oltiariq tumanidagi 13-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir guruh tarbiyalanuvchilarida tana harorati koʻtarilishi oqibatida Povulgʻon oilaviy shifokor punktiga murojaat boʻlgan.
Surishtiruv davomida maʼlum boʻlishicha, mazkur bogʻchada bir kun avval «Hosiljon-mehrjon» bayrami oʻtkazilib, tadbir doirasida tashkil etilgan koʻrgazmali stol dasturxoni qator qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, jumladan, uzum, xurmo, olma, banan, tarvuz hamda turli qandolatlar bilan bezatilgan. Bolajonlar esa ushbu yeguliklardan tartibsiz ravishda isteʼmol qilgan.
21-oktyabr kuni oilaviy shifokor punktiga boʻlgan murojaat asosida 8 nafar bemor tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar boʻlimiga yotqizilgan. Dastlabki tekshiruvlar natijasiga koʻra, ularda ovqatdan zaharlanish belgilari kuzatilmagan.
Hozir ushbu bolajonlarning umumiy holati qoniqarli. Tegishli simptomatik davo muolajalaridan soʻng kichkintoylardan 5 nafariga uyga javob berilgan.
Shuningdek, shifoxonaga yotqizilgan bogʻcha tarbiyalanuvchilaridan olingan tibbiy tahlil namunalari laboratoriyaga yuborilgan. Holat yuzasidan mutaxassislar tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Ayni paytda mazkur oʻgʻil-qizlar salomatligini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda Maktabgacha taʼlim vazirligi oʻz nazoratiga olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2023-yildan avtomobil narxi pasaydi — UzAuto Motors
- Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 18 milliard yevro miqdoridagi yangi yordam paketi ajratdi
- Buyuk Britaniya bosh vaziri jarimaga tortildi
- Namanganda ketma-ket harakatlanib kelayotgan uchta yuk avtomobili oʻzaro toʻqnashib, yonib ketdi
- Oʻzbekiston Prezidenti Li Kuan Yu nomidagi maktabga tashrif buyurdi va Singapurning ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv oʻtkazdi
- NATO Ukraina masalasida Rossiya bilan muzokara qilishning yagona yoʻlini maʼlum qildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring