Oltiariqda uzum festivali oʻtkazildi

19:48 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
654 0

Foto: Xalq so‘zi

Shu kunlarda Oltiariq tumanida boʻlsangiz, ishkomlarda oltindek tovlanayotgan uzumlar kayfiyatingizni koʻtaradi. Uzumzor bogʻlar boʻylab sayohat esa qalbingizda bir umr unutilmas taassurotlar qoldiradi.

Yer bilan tillashish va dillashish hadisini olgan oltiariqliklar uzum, bodring, turp yetishtirish borasida nafaqat mamlakatimiz, balki yetti iqlimda mashhur.

Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan tumanda agroturizmni rivojlantirish maqsadida Oltiariqda uzum festivali oʻtkazildi. Unda Italiya, Pokiston, Qozogʻiston, Belorus singari mamlakatlar delegatsiyalari hamda Fargʻona vodiysi viloyatlaridan mehmonlar tashrif buyurdi.

Bu yil ilk marotaba tashkil etilgan festivalda tumandagi eng mirishkor qishloq – “Uzumchi” MFYda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlaridagi uzumzorlar boʻylab sayr uyushtirildi. Mehmonlar bogʻbonlar bilan samimiy suhbatlashib, ishkomlardan oʻz qoʻllari bilan uzum uzib koʻrish zavqini his etishdi.

— Hozirgi kunda xonadonimizda 20 navdagi uzumlar parvarishlanmoqda, — deydi mashhur uzumchi Husanboy Gʻofurov. — Ishonamizki, ushbu festival har yili ayni kuz mavsumida anʼanaviy ravishda oʻtkaziladi va bu orqali jahon bozorida Oltiariq uzumi brend boʻlishiga erishiladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Oltiariq tumanida 3 ming 500 gektar yerda uzum bogʻlari mavjud. Eʼtiborlisi, keyingi yillarda tumanda 500 gektar maydonda yangi uzumzorlar barpo etildi. 2021-yili tumandan 27 ming tonna uzum eksport qilingan boʻlsa, joriy yilda eksport hajmi 30 ming tonnadan oshishi kutilmoqda.

Qish-bahor mavsumida ham ichki va tashqi bozorni sifatli uzum bilan taʼminlash maqsadida tumanda 83 ta – 68 ming 800 tonna sigʻimga ega muzlatgichli omborxonalar tashkil etilgan.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?