Olimpiyachilarimizni emlash jarayoniga tayyorgarlik boshlandi

21:14 01 May 2021 Sport
926 0

MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov ishtirokida terma jamoalarimizdagi epidemiologik vaziyat nazoratini yana-da kuchaytirish, sport turlari boʻyicha ommaviylikni oshirish, asosiy jamoaga raqobatbardosh kuchli zaxira sportchilarini seleksiya qilish, shuningdek, Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etadigan jamoamizni vaksinatsiyaga tayyorlash kabi masalalarga bagʻishlangan onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda MOQ qoshidagi RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov, federatsiya va assotsiatsiyalar mutasaddilari va MOQ xodimlari ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida MOQ raisi oʻrinbosari kun tartibidagi mavzular haqida gapirib oʻtdi.

“Respublika Olimpiya zaxiralari kolleji sportimizning asosiy zaxira maskani hisoblanadi. Shunday ekan, u yerda bilim olayotgan yoshlarimizga eʼtiborni kuchaytirish, iqtidorli oʻquvchilarni saralashga ahamiyat berish lozim. Shuningdek, OʻzDJTSU, Malaka oshirish markazi bilan ham hamkorlikni mustahkamlash kerak boʻladi. Oʻzimiz faoliyat olib borayotgan sport yoʻnalishida ommaviylikni oshirishga ham ahamiyat qaratish kerak. Bu borada viloyatlar kesimida har oy kamida 1 marotaba yirik ommaviy musobaqalar tashkil qilinsin. Qolaversa, yigʻin olib borayotgan sportchilarimizning salomatligini saqlash, epidemiologik nazoratni kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha choralarni koʻramiz”, – dedi Sherzod Tashmatov.

Yigʻilish kun tartibining asosiy mavzularidan biri Olimpiadaga tayyorlanayotgan sportchilarimizni emlash oldidan ularning holatini oʻrganish, jamoa aʼzolaridan qon tahlillarini olish masalasi boʻldi. Bu boʻyicha Abdushukur Sadikov 1-may sanasidan boshlab ishlab chiqilgan rejani federatsiyalar mutasaddilari bilan muhokama qilib oldi. Unga koʻra, bugundan gimnastika va sport kurashlari boʻyicha terma jamoalarimiz vakillaridan (sportchi, murabbiy, massajchi, shifokor va boshqalar) chuqurlashtirilgan qon tahlillari olinadi.

Yakunda yigʻilishda koʻtarilgan masalalar boʻyicha atroflicha fikr-mulohazalar bildirilib, soha mutasaddilariga topshiriqlar belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?