Kumushxon Fayzullayeva: “Olimpiya chempioni va rekordchisi boʻlmaguncha aslo toʻxtamayman”

12:40 02 Avgust 2021 Sport
873 0

Kecha Tokio-2020 olimpiadasining ogʻir atletika boʻyicha ayollar oʻrtasidagi -76 kg vazn toifasi “A” guruhida hamyurtimiz Kumushxon Fayzullayeva ham ishtirok etib, yakunda 6-oʻrinni egallaganidan xabaringiz bor.

Yosh sportchimizning musobaqadagi ishtiroki ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Kimlardir uni toʻrt yillikning nufuzli musobaqasidagi debyuti bilan olqishlagan boʻlsa, boshqalar dast koʻtarishda soʻnggi pogʻonani egallagani, siltab koʻtarish mashqida ham raqiblarining omadsizligi unga qoʻl kelganligini taʼkidlab, atletimizning chiqishini qoniqarsiz baholashmoqda. Xoʻsh, aslida-chi?!

Kumushxon hali juda yosh, endigina 19ga toʻldi. Ogʻir atletika sportida bu yoshida kamdan-kam sportchi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan. Kechagi bahsda u oʻz vazn toifasidagi eng yosh ishtirokchi boʻldi.

2018-yili Argentinada oʻtkazilgan oʻsmirlar III yozgi Olimpiya oʻyinlarida Fayzullayeva -63 kg vazn toifasida oltin medalga sazovor boʻlgan. Oʻshanda Kumushxon atigi 16 yoshda edi. Hozir esa 19ga kirdi, yaʼni ayni oʻsadigan, rivojlanadigan yoshda.

Tabiiyki, bu yoshda har qanday sogʻlom insonning boʻyi oʻsadi, vazni esa ortadi. Shunday ekan, K.Fayzullayeva oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqada qatnashgan vaznini kattalar oʻrtasidagi musobaqada ham saqlab qolishi amri mahol.

Qolaversa, sportchimiz hozir musobaqalarda asosan -71 kg vazn toifasida ishtirok etib kelayotgan edi. Xalqaro ogʻir atletika federatsiyasi qaroriga koʻra, ayollar quyidagi vaznlarda musobaqalashadi: -45 kg, -49 kg, -55 kg, -59 kg, -64 kg, -71 kg, -76 kg, -81 kg, -87 kg hamda +87 kg. Shulardan Olimpiya oʻyinlari uchun quyidagi vazn toifalari tanlab olingan: -49 kg, -55 kg, -59 kg, -64 kg, -76 kg, -87 kg hamda +87 kg.

Xoʻsh, Kumushxon qaysi vaznda ishtirok etishi kerak edi. -64 kgga tushish ayni paytda sportchimiz uchun deyarli imkonsiz ish, -71 kg esa Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilmagan. Boz ustiga sportchimiz yana-da oʻsishini inobatga olgan holda murabbiylar uni -76 kg vazn toifasiga yoʻnaltirdi (ajab emaski, Parij-2024da ham u ayni shu vaznda qatnashsa).

Oʻzidan katta, tajribali opalari bilan kurashda garchi hamyurtimizning omadi chopmagan boʻlsada, Tokio-2020 olimpiadasi Fayzullayeva uchun katta tajriba maktabi vazifasini oʻtadi. Bu esa unga kelgusi musobaqalarda qoʻl kelishiga shubha yoʻq.

— Maqsadim, Olimpiya oʻyinlari gʻolibi boʻlib, Oʻzbekiston bayrogʻini yuqoriga koʻtarish va madhiyasini yangratish. Ushbu maqsadimdan aslo qaytmayman. Koʻpchilik qiz bola ekanligim, turmushga chiqib, oila qurishim kerakligini aytishadi. Hali yoshman va bunga nasib qilsa erishaman. Tokio-2020 men uchun juda katta maktabi boʻldi. Endi 2024-yili Parijda boʻladigan Olimpiya oʻyinlarida ham qatnashib, ona Vatanim bayrogʻini yuqoriga koʻtarish uchun astoydil harakat qilaman. Asosiy maqsadim, olimpiada rekordini yangilab, Oʻzbekiston nomini tarixga muhrlash. Agar Parijda chempion boʻlsamu, lekin rekordni yangilay olmasam, maqsadimni keyingi Olimpiadada albatta amalga oshirishga harakat qilaman, - dedi biz bilan suhbatda isteʼdodli sportchi qizimiz.

Kumushxon, ilohim niyatlaringizga yeting deymiz. Va albatta sizdagi mana shu qatʼiyat, matonat, maqsad sari intilish har bir sportchimizga yoʻldosh boʻlishini tilab qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?