Olimlar qandli diabetni uning ilk alomatlari paydo boʻlishidan avval aniqlash yoʻlini topdi

18:48 19 Avgust 2022 Jamiyat
721 0

Shveysariyaning Jeneva universiteti olimlari qandli diabetni kasallikning ilk belgilari paydo boʻlishidan avval aniqlash imkonini beruvchi molekulani topdi.

Bilamizki, yalligʻlanish diabet rivojlanishida asosiy rol oʻynaydi. Jumladan, oshqozon osti bezining yogʻga toʻlib qolishi va zararlanishi insulin ishlab chiqaruvchi beta-hujayralar faoliyatini oʻzgartiradi hamda ularning kamroq gormon ishlab chiqarishiga sabab boʻladi.

Qisqa qilib aytganda, beta-hujayralar zararlanishi ushbu kasallikning belgisi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar sunʼiy intellekt va molekulyar biologiya usullari yordamida tajriba oʻtkazdi.

Natijada minglab molekulalar orasidan aynan oshqozon osti bezi beta hujayralari shikastlanishini eng yaqqol ifodalovchi turi aniqlandi. Bu 1,5-angidroglyutsitola (1,5-AGG) molekulasi boʻlib, tanada uning kamayishi beta-hujayralar tanqisligidan dalolat beradi.

Dastlab jonivorlarda muvaffaqiyatli oʻtkazilgan tajriba navbatdagi bosqichda odamlarda sinab koʻrildi. Bu jarayonda qandli diabetga chalingan va sogʻlom insonlarning 1,5-angidroglyutsitola miqdori solishtirildi.

— Qandli diabet bilan kasallanganlarda 1,5-AGG darajasi sezilarli miqdorda pasayishiga ishonch hosil qildik, — deydi tadqiqot bosh muallifi Sesiliya Ximenes-Sanches. — Bu xastalikning dastlabki belgilari boshlanishidan oldin ham kuzatilishi qayd etildi.

‼️Ushbu kashfiyot qandli diabet profilaktikasiga doir qulay va arzon usullarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Chunki 1,5-AGG darajasini oddiy qon tekshiruvi yordamida osongina aniqlasa boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?