Oliygohlarga akademik va tashkiliy-boshqaruv boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati beriladi — Prezident

18:53 16 Iyun 2021 Jamiyat
411 0

Bugungi yigʻilishda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼlim sifatini yaxshilash va taʼlimning barcha jarayonlarini bozor ehtiyojlaridan kelib chiqib, tashkil etish masalasi Oliy taʼlim vazirligi, rektorlarning eʼtiboridan chetda qolib ketayotgani taʼkidladi.

— Bugungi kundagi 815 ta yoʻnalishning 55 foizi mehnat bozori talablariga javob bermaydi. — deydi davlat rahbari. — Oliygohlar 2 mingga yaqin fanlar boʻyicha darsliklar bilan taʼminlanmagan, oʻquv dasturlari bundan 40 yil oldingi fan va yoʻnalishlar asosida tuzilgan. Oʻtgan yilda bor-yoʻgʻi 77 ta oliygoh 5 milliard soʻmlik kitoblarni sotib olgan. Bitta oliygohga oʻrtacha 68 million soʻmdan toʻgʻri keladi. Soʻnggi 3 yilda oliy taʼlimda 277 nafar xodim korrupsiyaviy jinoyatlar boʻyicha javobgarlikka tortilgani ham, sohada hali muammolar koʻpligidan dalolat beradi. Oʻtkazilgan soʻrovlarda aholining 65 foizi oliy taʼlimdagi islohotlarning natijasi sezilmayapti, deb fikr bildirgan.

Shuning uchun, endi sohadagi rahbarlar barcha kuch va resurslarini quyidagi 4 ta ustuvor vazifaga qaratishi zarur. Birinchisi — oliygohlar boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish. Ikkinchisi — taʼlim berish jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash va talabaning oʻz ustida ishlashi uchun muhit hamda sharoitni yaratish. Oliygohlar talabani oʻqishga qabul qilishdan avval, ularni qayerga ishga yuborishini, buning uchun ish beruvchilar bilan 10 yillik shartnomaga ega boʻlishi kerak. Uchinchisi — oliygohlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish. Toʻrtinchisi — professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qogʻozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish.

Ushbu vazifalarni uddalash uchun, eng avvalo, oliygohlarga akademik va tashkiliy-boshqaruv boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati beriladi.

Bundan buyon oʻquv reja va adabiyotlari, fan dasturlarini joriy etish, professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasini, yoʻnalishidan kelib chiqib, taʼlim shakllarini (kunduzgi, kechki, sirtqi, masofaviy) belgilashni oliygoh boshqaruv kengashining oʻzi hal qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?