Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriga nega parlament soʻrovi yuborildi?

16:57 04 Noyabr 2020 Siyosat
227 0

Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish qonun ustuvorligi hamda qonuniylikni kafolatlashning muhim shartlaridan sanaladi. Shu bois soʻnggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor berilmoqda.

Qayd etish joiz, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, taʼlim muassasalari aholi orasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va ularga rioya etish tamoyillarini ommalashtirishga, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash jarayoniga keng jalb etilgan. Bu ishlarda taʼlim muassasalarining ishtiroki ham ortib bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida deputatlar ushbu masalani atroflicha muhokama qildilar. Bu bejiz emas. Chunki belgilangan chora-tadbirlarning Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida bajarilishi huquqiy taʼlim-tarbiyaning sifati va samaradorligi oshishi, yoshlarda zararli axborotlardan himoyalanish boʻyicha mustahkam huquqiy immunitet shakllanishi nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.

Biroq, deputatlar tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijalari, joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi tomonidan koʻtarilgan muammolarning tahlili bu boradagi ishlarni tashkil etishda hal qilinishi lozim boʻlgan ayrim masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Chunonchi, yoshlarning huquqiy bilimini boyitish hamda taʼlim sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan omil hisoblanadigan yangi avlod huquqiy darsliklari va oʻquv qoʻllanmalarini yaratish, oliy taʼlim muassasalarining zamonaviy huquqiy darsliklar bilan taʼminlanish ahvolini yaxshilash taqozo etilayotir.

Huquqiy mavzular boʻyicha taʼlim beruvchi pedagog-oʻqituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalasiga tizimli yondashish hamda bu yoʻnalishda tegishli vazirlik va idoralar, xususan, Adliya vazirligi bilan hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I. Majidovga “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash borasida oliy taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida” Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?