Oliy taʼlimda kredit-modul tizimi qanday samara beradi?

13:35 18 Yanvar 2022 Jamiyat
682 0

Foto: Халқ сўзи

Soʻnggi paytlarda “taʼlimning kredit-modul tizimi” atamasi muomalamizga kirib, Respublikamiz Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” hamda “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari asosida 2022-yil yanvar oyidan boshlab 35 ta oliy taʼlim muassasasida ushbu tizim joriy etildi.

Mazkur oliy taʼlim muassasalari qatoridan oʻrin olish maqsadida Navoiy davlat pedagogika institutida ham ayni taʼtil kunlarida ilm dargohining rektorati, dekanlar, kafedra mudirlari va professor-oʻqituvchilari uchun “Kredit-modul tizimi hamda HEMIS axborot tizimidan foydalanish” mavzusida oʻquv seminar kurslari tashkil etildi.

— Mazkur tizim Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalar ijrosini izchil taʼminlash, shuningdek, oliy oʻquv yurtlarining mustaqilligini kengaytirish, ular faoliyatida davlat maʼmuriy boshqaruvini keskin kamaytirish hamda shu orqali oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi OTMlarni shakllantirish maqsadida joriy etilmoqda, — deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Sobirov. — Unga koʻra 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab bir qator moliyaviy mustaqillik va qoʻshimcha vakolatlar beriladi. Xususan, akademik mustaqillik sohasida oʻquv rejalari, oʻquv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, taʼlim tilini hamda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda taʼlim olish shaklini hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun oʻqish davomiyligi muddatlarini belgilash, doktoranturada toʻlov-kontrakt asosida oʻqish qiymatini belgilash va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qoʻshimcha ravishda qabul qilish, doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash, magistratura bosqichida oʻqitish sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish shular jumlasidandir.

Tabiiyki, mazkur yangilanishlar oʻz navbatida, oliy taʼlim muassasalari boshqaruvida yangicha tizim asosida yondashuvni talab etadi. Shu maqsadda institutimizda oʻtkazilgan seminarlarda Oliy taʼlim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazining oʻquv dasturidan unumli foydalanilmoqda. “Maʼmuriy boshqaruv”, “Oʻquv jarayoni”, “Ilmiy faoliyat”, “Moliyaviy boshqaruv va statistika” axborot tizimlarini oʻz ichiga olgan HEMIS axborot tizimi ham keng maʼlumot berilmoqda. Ushbu tizim institutimiz faoliyatini avtomatlashtirish hisobiga maʼmuriy xodimlar, professor-oʻqituvchilar va talabalarga elektron taʼlim xizmatlarini taqdim etadi.

Qoʻshimcha qilish joiz, HEMIS axborot tizimi — bu oʻqituvchilarning kaliti, shaffoflikni taʼminlaydigan yagona platforma sifatida maʼlumotlar kiritiladigan baza boʻladi. Seminarlarda HEMIS dasturida ishlash, kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini rejalashtirish va tashkil etish, pedagoglar faoliyati va oʻzlashtirishni baholash, tizimda meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan ishlash, raqamlashtirish kabi muhim tamoyillariga ham urgʻu berildi. Albatta, institut oʻqituvchilarining HEMIS dasturida ishlash va kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etishdagi bilim va tajribalari taʼlim jarayonining samaradorligini oshirishda muhim oʻrin tutadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер