Oliy taʼlim vazirligining yangi rahbariyatidan jamoatchilik nimalar kutmoqda? — Aniq takliflar aytildi

22:50 16 Yanvar 2021 Jamiyat
565 0

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov oliy taʼlim nomarkazlashtirish, masofaviy taʼlim, standartlar haqida fikr bildirar ekan, bu borada oʻz takliflarini aytib oʻtdi:

— Oliy taʼlim tizimi soʻnggi yillarda qator muhim ijobiy oʻzgarishlarga erisha oldi. Jumladan, oxirgi toʻrt yil mobaynida 49 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi, bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 2020-yilda 25 foizga yetdi. Taʼlimning bakalavriat, magistratura va sirtqi shakllari uchun kvotalar oshirilib, kechki taʼlim shakli joriy etildi.

Shu bilan birgalikda, davlat va jamiyat boshqaruvida, ayniqsa joylarda professional kadrlar tanqisligi, aholi sonining oʻsish surʼati, oliy taʼlim tizimi infrastrukturasi va potensialining joriy holati navbatdagi va fundamental oʻzgarishlarni taqozo etmoqda, jumladan:

Birinchidan, oliy taʼlim tizimini izchil nomarkazlashtirish, davlat nazorati va ishtirokini keskin qisqartirish, maʼmuriy mustaqillik bilan cheklanmasdan, akademik mustaqillik berish uchun jiddiy qadamlarni qoʻyish kerak. Vazirlikning taʼlim sifatini va davlat shartlari ijrosini nazorat qilish funksiyasini saqlab qolgan holda, maʼmuriy boshqaruv funksiyalaridan voz kechish kabi irodali qarorlar qabul qilinishi kerak. Vazirlik ixcham va yuqori professional tarkibga ega boʻlishi va muvofiqlashtiruvchi rolni bajarishga oʻtishi lozim.

Ikkinchidan, masofaviy taʼlimni toʻliq joriy qilish vaqti ham keldi. Buning uchun yetarli infrastrukturalarni yaratish, qonunchilik va protseduralarda masofaviy taʼlimga keng yoʻl ochish, oʻquv yurtlari undan keng foydalanishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish zarur. Bu bitiruvchilarni oliy taʼlim bilan toʻliq qamroviga erishish masalasini keyingi 10-15 yilda emas, 3-5 yil ichida hal etish, qolaversa, oliy oʻquv yurtlarining toʻlov-shartnoma miqdorini optimallashtirish imkonini ham beradi.

Uchinchidan, oliy taʼlim xizmatlari bozorini yaratish maqsadida barcha ishtirokchilar uchun tushunarli, teng va adolatli shartlarni joriy qilish zarur. Davlat tomonidan qoʻyiladigan shartlarini bajara oladigan, qonunchilikka amal qilishga tayyor barcha ishtirokchilarga sohaga investitsiya qilish imkoniyati yaratilishi kerak.

Toʻrtinchidan, taʼlim standartlarini qaytadan koʻrib chiqish, taʼlim sifatini nazorat qilishning zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy qilish lozim. Kerak boʻlsa, buning uchun dunyoning nufuzli universitetlaridan boshqaruvni rivojlantirish boʻyicha maslahatchilar, menedjerlarni yollash, eng asosiysi hukumat tomonidan zarur mablagʻlar ajratilishi zarur.

Qolaversa, vazirlik oldida oliy taʼlimni mehnat bozori bilan bevosita bogʻlash, diplomlar beriladigan yoʻnalishlarni qayta koʻrib chiqish, ilmiy salohiyatni oshirishni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq qator mashaqqatli vazifalar ham turibdi.

Tizimning yangi rahbariyatidan jamoatchilik mazkur yoʻnalishlarda harakatlarni kutmoqda va faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Bu borada, jamoatchilik fikrini chuqur oʻrganish, tizimni rivojlantirish boʻyicha strategiyalarni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?