Oliy taʼlim tizimidagi ochiqlik va adolat

15:07 09 Sentyabr 2022 Jamiyat
466 0

Foto: Халқ сўзи

Soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz kelajagiga kiritilayotgan investitsiya ekanini bugun hammamiz anglab turibmiz. Rad etib boʻlmas muammolarga yechim topish, ularni rejali hal qilish boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tizimida olib borilayotgan ishlarni alohida qayd etish kerak. Birgina kirish imtihonlari hamda qabul jarayonlaridagi ochiqlik, shaffoflik, bu jarayonlarda inson omili aralashuvini yoʻq qilish tizimdagi katta masalalarga yechim boʻldi. Vazir boshchiligida barcha OTM rektorlari, rahbariyat vakillari xalq bilan yanada yaqinlashdi, ochiq muloqotlar, brifinglar, jurnalistlar bilan oʻtkazilayotgan matbuot anjumanlari natijasida fuqarolar va OTM rahbariyati oʻrtasidagi koʻrinmas devor quladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. 9-sentyabr kuni AOKAda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov ishtirokida boʻlib oʻtgan matbuot anjumani yuqoridagi soʻzlarimiz isboti boʻla oladi. Avvalo, vazirimiz haqli ravishda taʼkidlaganidek, “Bugun talabani oʻqishga qabul qilishdan to bitirgungacha boʻlgan jarayon raqamlashtirildi”. Bu esa tizimdagi koʻplab korrupsion sxemalarning tugatilishiga, jarayondagi ortiqcha qogʻozbozlik, ovoragarchiliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlardir. Hozirgi oliy taʼlim tizimi bundan 5 yil oldingisidan keskin farq qiladi. Bugun talabalar va ularning ota-onalari savollariga toʻgʻridan-toʻgʻri vazirning oʻzi javob qaytarmoqda. Tizimdagi barcha muammolar tahlil qilinib, ularga konkret yechimlar ham ishlab chiqilmoqda. Birgina talabalarni turar joy bilan taʼminlash masalasida olib borilayotgan ishlar koʻlami tahsinga sazovor. Yildan-yilga yangi OTMlar, yangi taʼlim yoʻnalishlarining ochilishi, talabalar sonining ortishi bevosita turar-joy bilan bogʻliq muammolarni kun tartibiga olib chiqdi. Vaziyatga yechim topish bugun har qachongidan ham muhimdir. Shu nuqtayi nazardan yangi talabalar yotoqxonalari qurish, mavjudlarini optimallashtirish, ijara xonadonlarini oʻrganish, xonadon egalarining turli moddiy va byurokratik toʻsiqlarini bartaraf etish boʻyicha aniq ishlar bajarildiki, natijada vaziyat nazoratdan chiqib ketmadi. Ijaraga joylashgan talabalarning ijara pullari 50 foizgacha qoplanmoqda, xonadon egalariga soliq imtiyozlari berilmoqda. Maqsad aniq – talabalarimiz sarson boʻlmasin, talabalarimiz qiynalmasin.

Oʻqishga kirishda ham barcha abituriyentlarga imkoniyat berish tamoyilidan kelib chiqqan holda tabaqalashtirilgan toʻlov-shartnoma (superkontrakt) asosida oʻqishga kirishni istaganlar uchun 10 foiz chegirma berildi. Kontrakt summasini esa yil davomida 4 ga boʻlib toʻlash imkoniyati yaratildi. Belgilangan minimal ball miqdoridan past koʻrsatkich qayd etgan abituriyentga ham oshirilgan toʻlov shartnoma asosida oʻqish imkoniyati berildi. Ammo!!! Endi OTMda oʻqish avvalgidek emas. OTMlar kredit-modul tizimiga oʻtmoqda. Bu tizim talabaning bilimini xolis baholovchi tizimdir. Endi oʻqishga kirish qanchalik osonlashgan boʻlsa, uni bitirish shunchalik qiyinlashib boradi. Bejizga vazir bot-bot taʼkidlamadi:«Farzandining OTMda oʻqib ketishiga ishongan ota-onalargina tabaqalashtirilgan kontrakt shartlariga rozi boʻlsin», deya. Kredit-modul tizimi baholashda inson omilining ishtirokini kamaytiradi. Endi qaysidir talaba shaxsiy aloqalari yoki insoniy munosabatlari orqali imtihonlardan oʻtib keta olmaydi. Korrupsion harakatlar orqali kursdan-kursga oʻtish yoki oʻtkazib qoʻyish imkonsiz. Talaba OTMga kirdimi, oʻqishga majbur. Bunday tizim rivojlangan mamlakatlarda allaqachon joriy etilgan. Bejizga milliy OTMlarga kirish imtihonlarida kerakli balni yigʻa olmagan abituriyentlar xorijiy OTMlarga kirib ketmaganlar. Chunki xorijda oʻqishga kirish oson, ammo talabalarning 70 foizga yaqini OTMni tamomlay oladi.

Tizimdagi bu islohotlar yaqin orada samara beradi. Jahon andozalari asosida sifatli taʼlim berish natijasida raqobatbardosh, oʻz ishining haqiqiy ustasi boʻlgan kadrlar tayyorlanadi.

Nozliya Normurodova,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va

adabiyoti universiteti Xalqaro hamkorlik boʻyicha

prorektori, filologiya fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?