Oliy sud Plenumida qanday qaror loyihalari muhokama qilindi?

09:45 28 Noyabr 2021 Jamiyat
322 0

Mamlakatimiz sud-huquq tizimida qatʼiyat bilan olib borilayotgan islohotlarning navbatdagi bosqichida inson huquqlarining ishonchli himoyasini toʻla-toʻkis taʼminlash borasida sud qarorlarini qayta koʻrish instituti yanada takomillashtirildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi beshta qonun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotining mantiqiy davomi boʻldi. Ushbu qonunlar, taʼbir joiz boʻlsa, yangi Oʻzbekiston sud tizimini tubdan yangilashning navbatdagi muhim va yuksak bosqichiga qadam qoʻyilganidan dalolatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi majlisida bir qator qaror loyihalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda sohaga oid qabul qilingan qonunlarda fuqarolar uchun odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalarini isloh qilish, nazorat tartibida ish yuritish institutini bekor qilish, prokurorning ayblovdan voz kechishining huquqiy asoslari va protsessual tartibini belgilash nazarda tutildi.

Shuning barobarida 2021-yil 12-yanvarda tugatilgan nazorat instansiyasi tizimi sud ishlarining yillab oʻz yechimini topmasdan, fuqarolarning huquqlari buzilishiga sabab boʻlganini ham xolislik nuqtayi nazaridan ochiq-oshkora aytishimiz kerak. Qolaversa, nazorat instansiyasi tizimi xalqaro amaliyotga ham zid edi.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz tomonidan “bir sud – bir instansiya” tamoyili ilgari surilgani yuqorida sanab oʻtilgan salbiy jihatlarni bartaraf etishda muhim omil boʻldi. Bu tashabbus, birinchidan, sud qarorlarini qayta koʻrish tizimida yillar davomida toʻplanib qolgan muammolarning hal qilinishiga kuchli turtki bergan boʻlsa, ikkinchidan, ushbu tizimning tubdan qayta koʻrib chiqilishiga asos yaratdi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan “bir sud – bir instansiya” tamoyiliga koʻra, endilikda, birinchidan, xalqaro andozalarga mos ravishda uch bosqichli – birinchi, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari tizimi yaratildi. Ikkinchidan, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning eʼtiroziga sabab boʻlayotgan nazorat instansiyasi toʻliq tugatildi. Viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan sud ishlari yuzasidan berilgan shikoyatlarni shu sud tomonidan yuqori instansiya sifatida koʻrish amaliyotiga barham berildi.

Natijada ushbu jarayondagi korrupsiyaviy omillar bartaraf etilib, shikoyat qilish institutining samaradorligi ortdi. Shuningdek, oʻrta boʻgʻindagi sudlar asosan apellyatsiya instansiyasi sudi sifatida ixtisoslashgach, ularning masʼuliyati kuchaytirilib, barcha diqqat-eʼtibor sud qarorlarining sifatiga qaratildi. Bunda birinchi instansiya sudlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf qilinishiga alohida ahamiyat qaratiladi.

Eng muhimi, bu bilan fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini oʻz vaqtida tiklash va odil sudlovni amalga oshirish sifatini yanada yaxshilash imkoniyati yaratildi. Oʻz navbatida nazorat institutining tugatilishi va kassatsiyaning uchinchi bosqich sudi sifatida belgilanishi sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi bevosita undan norozi tomonning toʻgʻridan-toʻgʻri bergan shikoyati asosida koʻrilishiga zamin yaratdi.

Yangi qonunlarda mustahkamlangan normalarning barchasi sud qarorlarini qayta koʻrish masalasiga doir xalqaro standartlar talablarini protsessual qonunchiligimizga implementatsiya qilishni taʼminladi. Bu ayni vaqtda qonun ustuvorligi sud hokimiyati mustaqilligi va odil sudlov samaradorligi boʻyicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi. Eng asosiysi, kassatsiya instansiyasi ham toʻliq isloh qilindi.

Shu munosabat bilan sudlarga ushbu qonun normalarini bir xilda toʻgʻri qoʻllash va bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida Oliy sud Plenumining “Maʼmuriy ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti”, “Fuqarolik ishlarini kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”, “Iqtisodiy ishlarni kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”, “Jinoyat ishlarini kassatsiya tartibida koʻrish boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida”gi qarorlari loyihalari ishlab chiqildi.

Bundan tashqari, majlisda Oliy sud Plenumining «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashining tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi ham muhokama qilindi.

Yakunda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?