Oliy Majlisi Senati delegatsiyasi Suv resurslari boʻyicha Osiyo parlamentlararo maslahat kengashining 5-majlisida ishtirok etdi

16:37 25 May 2023 Iqtisodiyot
776 0

Joriy yilning 23-24-may kunlari Pnompen shahrida (Kambodja) Suv resurslari boʻyicha Osiyo parlamentlararo maslahat kengashining 5-majlisida Oliy Majlis Senati delegatsiyasi ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda Janubiy Koreya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Malayziya, Laos, Nepal kabi davlatlardan 10 dan ziyod parlament aʼzolari qatnashdi.

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlar va parlament aʼzolarining roli, suv bilan taʼminlash va ijtimoiy taʼminot dasturlari, siyosiy tadqiqotlar va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Ishtirokchilar ushbu maydondagi hamkorlik suv xoʻjaligi masalalarini hal qilish, ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tarmogʻi ishlashini taʼminlash, suv toshqinlari va qurgʻoqchilikning oldini olish, suv xavfsizligini taʼminlash uchun ilgʻor yuqori texnologiyali vositalardan foydalanish imkonini berishini taʼkidladi.

Xususan, Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Alixanov soʻnggi yillarda Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda keng koʻlamli demokratik islohotlar amalga oshirilayotganini, atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni taʼminlash, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda Orolboʻyi ekotizimini yaxshilash borasida ishlar amalga oshirilayotganini, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yili 200 mln koʻchat ekilayotganligini taʼkidlab oʻtdi.

Majlis davomida “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika” tamoyillarini joriy etish, iqlim oʻzgarish oqibatlarini yumshatish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi namoyish etildi.

Ishtirokchilarga Oliy Majlis Senati Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi aʼzolari va ekspertlari tomonidan ishlab chiqilgan sayyoramiz mintaqalaridagi iqlim oʻzgarishi intensivligini aniqlab beradigan universal formula taqdim etildi.

Yigʻilganlar iqlim oʻzgarishining oldini olish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga va suv barqarorligiga erishish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish lozimligini taʼkidladi.

Majlis yakunida suv barqarorligini taʼminlash, iqlim muammosini hamjihatlik bilan hal etish, hamkorlikni rivojlantirish hamda parlamentlar ishtirokida ushbu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha dastur va loyihalar taklif etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер