Oliy Majlis Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisi 20-noyabr kuni boʻlib oʻtadi

18:06 12 Noyabr 2020 Siyosat
854 0

2020-yil 11-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisini 2020-yil 20-noyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

“Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida”gi, “Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan geolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yilning toʻqqiz oyi davomida Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisoboti, qolaversa, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ijro etilishi haqidagi masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, mamlakatimiz maxsus iqtisodiy zonalarining raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha qabul qilinayotgan choralar, nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish samaradorligini oshirish, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, koʻchki xavfi mavjud togʻ va togʻoldi hududlarida joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy obyektlar xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish toʻgʻrisidagi masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini vaqtincha amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari himoyasini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida, bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatining amaldagi holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan, mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishga keng jalb etishda yuzaga kelayotgan muammolar toʻgʻrisida, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan, chiqindilar bilan bogʻliq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovlari natijalari ham muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?