Oliy Majlis Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisi 5-fevral kuni boʻlib oʻtadi

22:13 01 Fevral 2021 Siyosat
1147 0

2021-yil 1-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisini 2021-yil 5-fevral kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan. Shu jumladan, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Xalqlar doʻstligi kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yildagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, qolaversa, Boyovut, Boʻston, Olot, Toʻraqoʻrgʻon, Qarshi tumanlari va Kattaqoʻrgʻon shahrini 2020–2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini oʻrganish natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun koʻrilayotgan choralar, mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, koʻchki xavfi mavjud togʻ va togʻoldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy obyektlar xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari hamda boshqa masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер