Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi 28-29-may kunlari boʻlib oʻtadi

10:45 26 May 2021 Siyosat
521 0

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida maʼlum qilindi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn beshinchi yalpi majlisini 2021-yil 28-may kuni chaqirish toʻgʻrisida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida ikki kun (28 – 29-may kunlari) davomida boʻlib oʻtadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, “Transport toʻgʻrisida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va boshqa qator qonunlar muhokama qilinishi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi toʻgʻrisidagi masala koʻriladi hamda Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil va 2021-yil birinchi choragi yakuni boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitiladi.

Yalpi majlisda taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish, shuningdek, boshqa masalalar koʻrib chiqilishi ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?