Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi 23-aprel kuni boʻlib oʻtadi

23:15 08 Aprel 2021 Siyosat
579 0

2021-yil 8-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻrtinchi yalpi majlisini 2021-yil 23-aprel kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi, “Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Psixiatriya yordami toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan va Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilikni taʼsis etuvchi sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (Toshkent, 2019-yil 31-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2020-yildagi faoliyati, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2020-yildagi faoliyati, Markaziy banki boshqaruvi raisining Markaziy bankining 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash holati toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlashdagi muammolar, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovlari natijalari va boshqa masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?