Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisi 30-iyul kuni oʻtkaziladi

09:33 27 Iyul 2021 Siyosat
427 0

2021-yil 26-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisini 2021-yil 30-iyul kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan. “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyati takomillashtirilayotganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Zaytun moyi va zaytun mevasi toʻgʻrisidagi xalqaro bitimga (Jeneva, 2015-yil 9-oktyabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya (Toshkent, 2021-yil 15-16-iyul) yakunlaridan kelib chiqadigan vazifalar toʻgʻrisidagi masala koʻrib chilishi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti, Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir axborotlari eshitilishi rejalashtirilgan. Qolaversa, Boyovut, Qarshi, Boʻston, Toʻraqoʻrgʻon, Olot tumanlari hamda Kattaqoʻrgʻon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan chora-tadbirlar ijrosi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlarini oʻrganish natijalari, qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha parlament nazoratini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash, Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi boʻyicha reyting tizimini joriy etish, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining 2020-yildagi va 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti va boshqa masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?