Oliy Majlis Senati Raisining AQSH Kongressi Xotin-qizlar kokusi vakillari bilan onlayn uchrashuvi boʻlib oʻtdi

22:13 24 Mart 2021 Siyosat
638 0

Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning AQSH Kongressi Xotin-qizlar kokusi vakillari bilan onlayn uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi J.Vaxabov, Puerto-Rikoning Kongressdagi vakili, AQSH Vakillar palatasining transport va infratuzilma, ilm-fan hamda texnologiyalar va tabiiy resurslar boʻyicha qoʻmitalari aʼzosi J. Gonsales-Kolon, Vakillar palatasining sud ish yurituvi, milliy xavfsizlik va byudjet masalalari boʻyicha qoʻmitalari aʼzosi Sh.Jekson Li, Vakillar palatasining tashqi ishlar, byudjet va taʼlim hamda mehnat masalalari boʻyicha qoʻmitalari aʼzosi I. Omar ishtirok etdi.

Muloqot davomida soʻnggi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani taʼkidlandi. Tomonlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni kengaytirish va chuqurlashtirish, tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning AQSHga tarixiy tashrifi tufayli parlament aʼzolarining ikki tomonlama muloqoti faollashdi.

Tomonlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga, davlatlar oʻrtasidagi parlamentlararo oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga yuqori baho berildi.

Amerika tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

Kongressvumenlar fikricha, Oʻzbekistonda xotin-qizlarning mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotida toʻliq hamda teng ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

AQSH tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari ayol rahbarlari bilan muloqotni yoʻlga qoʻyishda Oʻzbekistonning yetakchi rolini olqishladi. Bu xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?