Oliy Majlis Senati Raisi BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi bilan uchrashdi

09:19 07 Iyul 2021 Siyosat
450 0

2021-yil 6-iyul kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bilan uchrashdi.

Unda Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar va oʻzaro muloqot yangi sifat darajasiga koʻtarilganligini qayd etdilar.

Jumladan, mamlakatimizda BMT bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinyapti.

Uchrashuvda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida bajarilgan ishlar yuzasidan maʼlumot berildi.

Xususan, Barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzilgani, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi tashkil etilgani taʼkidlandi.

Shuningdek, joriy yil 23-24-iyun kunlari Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Mazkur forum Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyani muhokama qilish va ishlab chiqish uchun muhim oʻrin egalladi. Unda Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir respublikamizda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiya muhitini yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Uchrashuvda davlatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosati, nogironlar huquqlarini himoya qilish konvensiyasining ijrosi, gender tenglikni taʼminlash masalasi muhokama qilinib, bu yoʻnalishda erishilgan yutuqlar, jumladan Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani qayd etildi.

Tomonlar hamkorlik va oʻzaro munosabatlarni yana-da chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirib, oʻzaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek tizimli muloqotni davom ettirishga, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?