Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda muhim masalalar muhokama qilindi

10:57 27 Fevral 2021 Siyosat
818 0

2021-yil 26-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Senat aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi mutasaddilari ishtirok etgan mazkur majlisda qonunlarning ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, roʻyobga chiqarilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan taʼminlanishini takomillashtirish maqsadida Senat qoʻmitalari tomonidan qator qonunlar ijrosining holati, huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganildi va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring olib borildi.

Tahlillar ayrim qonunlarda aniq mexanizmlarning aks ettirilmaganligi, havolaki normalarning mavjudligi sababli sohaning asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinganligi, shuningdek qabul qilingan ayrim qonunlardagi normalarning amaliyotda qoʻllanilmayotganligi sababli qonunlarni bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqish hamda takomillashtirish lozimligini koʻrsatdi.

Jumladan, “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonunda elektron tijorat sohasidagi qonun hujjatlari tizimlashtirilmagan, mazkur munosabatlarni toʻgʻridan-toʻgʻri tartibga soluvchi norma va munosabatlar yagona qonunga birlashtirilmagan. Elektron tijoratni amalga oshirishda milliy toʻlov tizimlaridan tashqari, xalqaro toʻlov tizimlaridan foydalanish boʻyicha normalar qonunda oʻz aksini topmagan.

Qolaversa, “Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonunda homiylik tashkilotlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda faoliyat yuritishini muvofiqlashtirish boʻyicha normalar belgilanmagan. Homiylik faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari va NNTga imtiyozlar hamda ragʻbatlantirish choralarini taqdim etishning hozirgi davr talablariga mos mexanizmlari joriy etilmagan. Yakka tartibda xayriya faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy va yuridik shaxslar faoliyati hamda ularga ajratilgan mablagʻlar sarflanishi haqida ochiq va ishonchli maʼlumotga ega boʻlish imkoniyati yaratilmagan.

Bundan tashqari, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi Qonunda qaysi holatlarda axborot taqdim etishda cheklovlar oʻrnatilishi aniq belgilanmaganligi sababli axborotning egasi tomonidan zarur axborotni davlat siriga tegishli degan vajlar bilan taqdim etmaslik holatlari uchramoqda. Axborot olish huquqining noqonuniy cheklanishlari yuzasidan shikoyat qilish va shikoyatlarni koʻrib chiquvchi maxsus davlat organi hamda uning vakolatlariga doir normalar belgilanmagan.

Majlisda qonunlarni ishlab chiqish jarayonida jamoatchilikni keng jalb qilish va turli tushunmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun targʻibot-tushuntirish ishlarini jadal olib borish zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 25-avgustdagi “Koronavirus pandemiyasi davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari toʻgʻrisida”gi KQ-119–IV-sonli qarorining ijro etilishi muhokama markazida boʻldi.

Qayd etilganidek, Senat Kengashining mazkur qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, mahalliy byudjetlarni shakllantirish mexanizmlari, xususiy bandlik agentliklari faoliyati, aholiga ijtimoiy yordam berish sohasidagi davlat siyosati, pensiya taʼminotiga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, oliy oʻquv yurtlari faoliyatiga dual taʼlim institutini joriy qilishga qaratilgan 5 ta qonun hujjati qabul qilingan.

Favqulodda vaziyatlarda tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlarni subsidiyalash va restrukturizatsiya qilish tartibini, tijorat banklari tomonidan “tayyor biznes” loyihalarini sotish amaliyotini, pandemiya sharoitida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, mamlakatimizda xizmat koʻrsatish sohasida innovatsion faoliyatni rivojlantirish, migratsiyaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta farmon va qarorlari qabul qilingan.

Bundan tashqari, masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar faoliyatini takomillashtirish, yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, taʼlim sohasiga masofaviy va boshqa zamonaviy oʻqitish shakllarini joriy qilish, pandemiya sharoitida maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya xizmati sifatini yaxshilash, uni zamon talablariga mos tarzda rivojlantirishga qaratilgan 6 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan.

Biroq amalga oshirilgan ishlar bilan birga chora-tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlashda ayrim kamchiliklar mavjudligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.

Jumladan, moliya va bank xizmatlarini koʻrsatishda masofaviy xizmat turlarini rivojlantirish va ularning qonunchilik asoslarini yaratish, tovarlar sotish va xizmatlar koʻrsatishdagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni elektron tarzda rasmiylashtirish, elektron shartnomalar tuzish, banklar faoliyatida autsorsing tizimini joriy qilish kabi vazifalar ijrosi taʼminlanmagan. Qolaversa, pandemiya sharoitida Mehnat kodeksini takomillashtirish, ayollarning mehnat huquqlari kafolatlarini taʼminlash maqsadida byudjetdan tashqari korporativ ijtimoiy sugʻurta tizimini joriy etish vazifalari toʻliq amalga oshirilmagan.

Majlisda oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan savdo-iqtisodiy hamkorlik kelishuvlarini amalga oshirishda parlament nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida belgilab berilgan ustuvor yoʻnalish va vazifalardan kelib chiqib, shuningdek davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan olib borilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar natijadorligini taʼminlash maqsadida parlament nazorati doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha qabul qilingan savdo-iqtisodiy kelishuvlar ijrosi va Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yoʻnalishidagi faoliyati boʻyicha tegishli davlat organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish amaliyoti joriy etildi.

Yana bir jihat. Senat Ishchi guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya va Yaponiyaga rasmiy tashriflari davomida imzolangan investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijro etilishi holati yuzasidan oʻrganishlar olib borildi. Natijada ayrim muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi.

Jumladan, Turkiya bilan umumiy qiymati 608,3 mln. dollarga teng boʻlgan 49 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 12 ta loyiha (107 mln. dollar) oʻz vaqtida bajarilmagan, 7 ta loyiha (223 mln. dollar) ijrosi taʼminlanmagan.

Yaponiya bilan umumiy qiymati 4 mlrd. 393 mln. dollar miqdoridagi 40 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan boʻlib, shundan 2 mlrd. 577 mln. dollarlik 19 ta loyiha ijrosi muddatidan kechikmoqda, 109 mln. dollarga teng 4 ta loyiha bajarilmagan.

Majlisda ushbu loyihalarni amalga oshirishda qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganiga urgʻu berildi. Xususan, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ning ijrosini qatʼiy nazorat qiluvchi tizim yoʻlga qoʻyilmagan.

Qolaversa, oliy darajadagi tashriflar davomida imzolanishi nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini dastlabki tarzda chuqur va har tomonlama texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish (ekspertizadan oʻtkazish) talab darajasida emas.

Majlisda “yoʻl xaritalari”da belgilangan va hududlarga tegishli boʻlgan investitsiya loyihalari ijrosini nazorat qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishda joylardagi senatorlar va mahalliy Kengash deputatlari faollik koʻrsatishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?