Oliy Majlis delegatsiyasi YEXHT Parlament Assambleyasining kuzgi sessiyasida ishtirok etdi

13:52 29 Noyabr 2022 Siyosat
299 0

2022-yil 24-26-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegatsiyasi Varshava shahrida (Polsha) boʻlib oʻtgan YEXHT Parlament Assambleyasining (PA) kuzgi sessiyasida ishtirok etdi.

Tadbirda YEXHTga aʼzo 50 ta davlatdan 220 dan ortiq parlament aʼzolari ishtirok etdi.

Sessiya doirasida umumiy yalpi majlis, shuningdek, YEXHT PA migratsiya va terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha maxsus qoʻmitalari majlislari boʻlib oʻtdi. Sessiya doirasida YEXHT hududidagi nizolarni bartaraf etish, “yashil iqtisodiyot”ni yanada ragʻbatlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, saylovlarni tashkil etish sohasida tajriba almashish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, sessiya davomida parlament aʼzolari Parlament Assambleyasi hamda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) rahbariyatining hisobotlarini eshitdi.

YEXHT PA Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qoʻmitasi majlisi doirasida qoʻmitaning yangi doimiy aʼzosi senator R.Alimov tanishtirildi. Oʻzbekiston vakili maʼruza qildi. R.Alimov respublikada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, qilmishidan afsuslangan shaxslarga manzilli yordam koʻrsatish va ularni jamiyatga moslashtirish, shuningdek, terroristik faoliyatdan jabrlangan ayollar va bolalarni qutqarish hamda oʻz vataniga qaytarish boʻyicha “Mehr” dasturlarini amalga oshirish doirasida koʻrilgan kompleks chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston delegatsiyasining Varshavada boʻlishi doirasida YEXHT PA vitse-prezidenti, Terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha maxsus qoʻmita raisi R.Lopatka va Assambleya Bosh kotibi R.Montella bilan ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvlarda tomonlar mamlakatimizning YEXHT PA doirasidagi hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, Assambleyaning 2023-yildagi yalpi tadbirlariga oid masalalarni muhokama qildi.

YEXHT PA vakillari oʻzaro hamkorlik darajasini, Oʻzbekiston Respublikasining Assambleya doirasidagi faol pozitsiyasini yuqori baholadi hamda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati institutlarini mamlakat fuqarolari manfaatlaridan kelib chiqib mustahkamlashda bundan buyon ham har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?