Oksana Chusovitina Xalqaro olimpiya qoʻmitasi aʼzosi boʻlishi mumkin

02:57 22 Iyul 2021 Sport
388 0

Ikki kun davomida, yaʼni 20-21-iyul kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Xalqaro olimpiya qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi vakillari ham ishtirok etdi. Bu haqda turizm va sport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishning ilk kunida bir qator masalalar muhokama qilindi. Ahamiyatli tomoni, Oʻzbekiston sport tarixida ilk bor mamlakatimiz vakilasi, 1991-yildan buyon jahon va qitʼa chempionatlari, Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida Vatanimiz nomini ulugʻlab kelayotgan hamda oʻziga xos rekord oʻrnatgan oʻzbek sport afsonasi Oksana Chusovitina Xalqaro olimpiya qoʻmitasining sportchilar komissiyasiga aʼzo boʻlish imkoniyatiga ega boʻlganidir.

XOQning sportchilar komissiyasi 17 kishidan iborat. Shu kunlarda mazkur komissiya aʼzolarining 4 nafari oʻz vakolatini topshirgan. Boʻshab qolgan oʻrinlar uchun dunyo miqyosidagi 30 nafar yetakchi atletlar nomzodi ilgari surilmoqda. Komissiya aʼzoligiga nomzod sportchilar, sobiq atletlar shu kunlarda Yaponiyaga taklif etilgan. Ovoz berish jarayoni esa shu yil 3-avgustgacha davom etadi.

Xalqaro olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax yigʻilishda sportchilar komissiyasiga tanlanadigan 4 nafar nomzodga ovoz berish jarayoni haqida soʻz yuritib, ovoz berish onlayn tarzda oʻtkazilmasligi, nomzodlar qaysi darajada boʻlishidan qatʼiy nazar barchasi teng huquqqa ega ekanligi, ular tanlangunga qadar Tokiodagi “Olimpiya qishlogʻi”da boʻlishga haqli ekanini taʼkidlab, 3-avgust kuni saylangan nomzodlar orasidan XOQ Sportchilar komissiyasi raisi saylanishini ham maʼlum qildi. Ushbu komissiya raisi oʻz navbatida, XOQ ijroiya qoʻmitasi aʼzoligiga ham qabul qilinadi.

Yigʻilishning yakuniy qismida 2032-yilgi yozgi Olimpiya oʻyinlarini qabul qiluvchi shahar nomi eʼlon qilindi. “Yashil qitʼa” Avstraliyadagi ushbu moʻjaz shahar ovoz berish jarayonida bir qator nomzod shaharlarni ortda qoldirdi. Shu tariqa Avstraliya uchinchi marotaba Olimpiya oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Bungacha “yashil qitʼa”ning Melburn va Sidney shaharlari toʻrt yillikning nufuzli anjumanini qabul qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?