OKMKda yana yangi turdagi mahsulotlar oʻzlashtirildi

17:19 05 Oktyabr 2022 Jamiyat
368 0

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ilm fan va ishlab chiqarish integratsiyasining samarali mexanizmi yoʻlga qoʻyilgan. Kombinat olimlari va mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqot va izlanishlar natijasida har yili yangi turdagi mahsulotlar olinmoqda. Kuni kecha kombinatning Chirchiq shahrida joylashgan Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida yangi turdagi - kompozit qotishmalar(metall keramika) - mahsulotlari oʻzlashtirildi. Ushbu qotishmalardan sirpanma podshipniklarni tayyorlash uchun foydalaniladi.

Buning uchun birlashmada temir kukuni va molibden karbidi asosidagi kompozit qotishmalar ishlab chiqarish uchastkasi ham tashkil etildi.

Ayni kunlarda molibden karbidi asosidagi hamda temir kukuni asosidagi qotishmalar ishlab chiqarilmoqda.

Molibden karbidi asosidagi qotishmadan tayyorlangan podshipnik namunalaridan bugungi kunda birlashma sexlarida molibden ishlab chiqarish jarayonida foydalanilmoqda. Shuningdek, tayyorlangan namunalar sinov uchun kombinatning Issiqlik elektr markaziga ham yuborildi.

Birlashma tayyorlagan podshipniklarning afzalligi shundaki ular uzoq muddat xizmat qiladi va shu yerning oʻzida ishlab chiqarilishi qulayligi bilan muhim.

Masalan, doimo ishlatiladigan sharikli podshipnikning xizmat muddati 1 oydan oshmasa, birlashma taklif qilayotgan molibden karbidi asosidagi sirpanma podshipnik muddati ikki oydan oshishi taʼkidlanmoqda.

Eʼtiborlisi, kombinatda mazkur podshipnikka 1 yilda oʻrtacha 1500 dona ehtiyoj boʻlib, 1 dona podshipnikning narxi 639 000 soʻmni tashkil etmoqda. Avallari ishlatiladigan 1 dona sharikli podshipnikning narxi esa 954 500 soʻm . Bu ikki podshipnikni narxini solishtirganda 1 yilda kombinat oʻrtacha 473 mln soʻm tejashga erishadi.

Mazkur yangilik natijasida birlashmada yiliga 15,289 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?