Oila qoʻrgʻoni aslo darz ketmasin...

16:04 10 Yanvar 2022 Jamiyat
669 0

Foto: Халқ сўзи

Oilada er-xotinning huquq va majburiyatlari yuzasidan tugʻilayotgan bahslar, turmushning darz ketishi, oʻzaro mojarolar, ajrashishlar bugungi kunda jamiyatimizda jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalardan hisoblanmoqda..

Xoʻsh, nima uchun bunday holatlar vujudga kelyapti? Asl sabablar nimada? Tahlillarga koʻra, bu muammoni yoshlarimizning yetarli huquqiy bilimga ega emasligi, oilaviy munosabatlarga uchinchi shaxs va boshqalarning aralashuvi hamda turmushdagi turli moddiy omillar yuzaga keltirmoqda.

Fargʻona viloyatida 2021-yilda 32 ming 604 ta nikoh qayd etilib, 100 mingdan ortiq chaqaloqqa tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi. Afsuski, ayni shu davrda viloyatda rasmiy nikohsiz 6 mingdan ziyod farzand dunyoga kelgan. Yana ham aniqrogʻi, 2021-yilning ikkinchi yarmidada FHDYO organlari tomonidan faqatgina sharʼiy nikohda yashab kelayotgan shuncha oilalar aniqlangan.

Sharʼiy nikoh bilan yashash holatlari oʻtgan yilga nisbatan deyarli oʻzgarishlarsiz qolayotganining asosiy sababi - ajrimlarning koʻpligida. Bu ikki masala esa bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Chunki ajrashib uylanganlar ajrim uzoq jarayon ekanligi uchun ikkinchi nikohni deyarli qonuniylashtirmaydilar. Bundan tashqari ajralishayotgan oilalarning aksariyati sudda yoki FHDYO boʻlimlarida oʻzaro kelisha olishmaydi.

2021-yil davomida Fargʻona viloyatida ajrimga oid 4 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shundan 2 ming 403 tasi sud qarori bilan ajrashish holati hisoblanadi.

Ajrashish sabablari oʻrganilganda esa asosan farzandsizlik, xiyonat, uzoq vaqt birga yashamaslik, oilaviy kelishmovchiliklar, qaynona-qaynota yoki boshqa shaxslarning ikki yosh hayotiga aralashuvi, aksar yigit-qizlarning oila qurishga tayyor emasligi, qaynona va kelin oʻrtasidagi mojarolar orzu-umidlar bilan qurilgan oilalar darz ketishiga olib kelayotgani maʼlum boʻldi.

Baʼzi xonadonlarda “Kelin faqat xizmat qilishi kerak, lozim boʻlsa, ishlab topgan maoshini ham qaynona yoki qaynotasiga berishi shart”, degan tushunchalar turli kelishmovchiliklarga turtki berayotgani ham bor gap. Afsuski, Fargʻonada bir erkakning uchinchi va toʻrtinchi marta ham toʻy- tomosha qilib uylanayotgan holatlar ham uchrayotganini qanday izohlash mumkin? Buning ustiga har bir oilasidan bir-ikki nafar farzandi borlari ham yoʻq emas. Bunday sharoitda aliment va ajrim masalalarida janjallar, chigal vaziyatlar yuzaga kelish ehtimoli yuqori boʻlib qolmoqda.

Ajrimlarni kamaytirish uchun asosiy eʼtiborni nikohga qaratish lozim. Uning qadr-qimmatini imkon qadar oshirish zarur. Nega? Chunki nikoh muqaddas ekanligini unutayotgan kimsalar oz emas. Asosiy eʼtiborni toʻy va toʻygacha boʻlgan marosimlarga qaratib, marosimlarni birinchi oʻringa qoʻyish qon-qonimizga singib ketayotgandek goʻyo.

Xoʻsh, qanday qilib bu muammolarning oldini olish mumkin? Avvalo, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlab borish shart. Buning uchun esa, bizningcha, oilaviy munosabatlarni toʻliq tushuntiradigan va er-xotin xaq-huquqlarini mukammal anglatadigan, diniy va dunyoviy bilimlar bir tizimga solingan maxsus oʻquv dasturi ishlab chiqilishi kerak. Qonuniy nikoh tuzilmasidan avval mana shu dasturni majburiy tartibda yoshlarga oʻqitish zarur. Shundagina ularda oila va uning muqaddasligi, diniy arkonlar va majburiyatlar haqida toʻliq tushuncha hosil boʻladi. Zotan, oila va oilaviy baxt– bu dabdabayu asʼasa emas, balki muayyan bilim, oʻzaro majburiyat, keng dunyoqarash hamda sabr-toqat tuygʻularining hosilasidir.

Ulugʻbek MAHMUDOV,

DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер