Oila daromadi – pista va limondan

18:57 27 Sentyabr 2022 Jamiyat
340 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyatining Toshloq tumanida tomorqachilik yaxshi rivojlangan boʻlib, dehqonchilik, hunarmandchilik va oilaviy tadbirkorlik toshloqliklarning asosiy daromad manbai hisoblanadi. Bu borada tumanning “Varzak”, “Zarkent”, “Arabmozor”, “Yangiyoʻl” singari oʻnlab mahallalarida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan hayotiy tajribalar zamonaviy mezonlar asosida jadal rivojlanmoqda.

“Yangiyoʻl” MFY raisi Umidjon Moʻsayevning maʼlum qilishicha, mahalladagi deyarli har bir oila tomorqadan ulkan daromad oladi. Issiqxonada limon yetishtirish mahalla ahlining asosiy yumushi sirasiga kiradi. Mirishkor tomorqachilar limonchilikdan yiliga 120-150 mln soʻmgacha daromadga ega boʻlmoqdalar.

Mahallaning eng mirishkor oilalaridan biri boʻlgan Zikrillo Rahmonovlar xonadonidagi 6 sotixli issiqxonada limondan yiliga oʻrtacha 80 mln soʻm daromad bor. Shuningdek, pista koʻchatlari tayyorlab sotishdan ushbu oila aʼzolarining yillik daromadi 80-100 mln soʻmni tashkil etadi.

— Xonadonimizda 15 yildan buyon “Doʻlana”, “Akbariy”, “Ahmadiy” navli xandon pistalarni yetishtiramiz, — deydi xonadon sohibi. — Shu bilan birga har yili 10 ming tupga yaqin pista koʻchati tayyorlab sotamiz. Bugungi kunga qadar 200 mln soʻmlik koʻchat sotdik.

Zikrillo akaning qad etishicha, pista koʻpchilik oʻylaganidek, uzoq yilda mevaga kiradigan daraxt emas. U oʻrtacha 3-4 yilda meva beradi. Bu oila aʼzolari ham 10 yildan buyon pista sotishadi.

— Pista danaklaridan unib chiqqan nihollarga navdor pistalardan olingan shoh va kurtaklarni payvandlash muhim ahamiyatga ega, — deya suhbatimizni davom ettiradi u. — Pista koʻchatini erta bahorda “iskana”, yoz mavsumida “kurtak” usulida ulash tavsiya etiladi.

Pista darmondorilarga boy, noyob xususiyatlarga ega meva. Shu bois ham bozorda narxi juda qimmat. Ammo bizning tabiiy-iqlim sharoitimiz pista yetishtirishga qulay. Hamyurtlarimiz ikkilanmay pistachilik bilan shugʻullanishi kerak. Bu oila ham pistachilik ortidan uylar qurib, toʻylar oʻtkazdi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?