Ogʻir sumka koʻtargan oʻquvchi. Bu borada ekspert fikri qanday?

11:49 21 Oktyabr 2021 Jamiyat
137 0

Oʻquv yili boshlanganiga bir oydan oshdi. Jamoat transporti, koʻcha-koʻyda katta va ogʻir sumka koʻtarib olgan maktab oʻquvchilarini uchratamiz. Koʻtarish mumkin boʻlgan vazndan oshib ketgan, noqulayligidan egilib yurishga majbur qilayotgan oʻquvchilarning sumkalarini koʻrib savol tugʻilishi tabiiy. 

Maktab oʻquvchilari darsliklarining koʻpligi bois ogʻir sumkani koʻtarishmoqdami? Darsliklar borasida qanday meʼyorlar qabul qilingan?

Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Rauf Qosimov quyidagi fikrlarini bildirdi.

— Oʻqituvchi bolaga taʼlim berish jarayonida har bir fanning oddiylikdan murakkablik sari izchil davom etgan asoslarga tayanadi. Bu asoslar esa oʻquv adabiyotlari — darsliklarda aks ettiriladi.

Umumtaʼlim maktablarining oʻquvchilari foydalanadigan oʻquv darsliklari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-iyundagi “Taʼlim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 146-son qarori hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2018-yilda tasdiqlangan 0359-18-sonli sanitariya qoida va normalari talablari asosida tayyorlanadi.

Yuqoridagi hujjatlarga muvofiq oʻquv darsliklarining ogʻirligi quyidagicha belgilangan:

— 1-4 sinflar uchun bitta nashrning ogʻirligi 300 gramm;

— 5-6 sinflar uchun bitta nashrning ogʻirligi 400 gramm;

— 7-9 sinflar uchun bitta nashrning ogʻirligi 500 gramm;

— 10-11 sinflar uchun bitta nashrning ogʻirligi 600 gramm.

Agar bir kunda oʻquvchilarning darsi 4-5 soatni tashkil etadigan boʻlsa faqat nashrning vazni 1,5-2,5-3 va undan koʻproq kilogrammga aylanadi. Bundan tashqari, sumkaga daftar, kundalik, qalam, ruchka va kerakli oʻquv qurollarining solinishi sumka ogʻirligini yanada oshishiga olib ketadi.

Shuningdek, bir oʻquv kuni uchun moʻljallangan darsliklarning yozuv anjomlari bilan birgalikda jami ogʻirligi oʻquvchi sumkasi yoki ryukzakini hisobga olmaganda 1-2 kilometr masofagacha quyidagi oʻrnatilgan meʼyorlardan ortiq boʻlishi kerak emas. Agar bola sogʻlom rivojlanayotgan boʻlsa, belgilangan meʼyordagidan birmuncha ortiq yuk koʻtarsa ham uning salomatligiga ziyon yetmaydi. 

Ammo, ortiqcha yuk koʻtarib yurish doimiy boʻlmasligi shart. Doimiy tarzda ogʻir oʻquv sumkasini koʻtarib yurish holsizlanish, charchoq hamda oʻquvchida yurakning normal ishlashiga ham taʼsir koʻrsatib ortiqcha bosimni paydo qiladi.

Ogʻir maktab sumkasi bolaning tana shakliga salbiy taʼsir qiladi. Bola ogʻir yukxalta koʻtarganligi sababli, bosh, boʻyin va yelka qismini oldinga egib oladi. Bunday davomli holat bukrilikka olib kelishi ham mumkin. Farzandingizga maktab sumkasi sotib olayotganda ogʻirligi 700 grammdan 1200 grammgacha boʻlgan, oʻzidan yoqimsiz hid taratadigan sintetik material bilan ishlanmagan sumkalarni tanlashga eʼtibor qaratish lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?