Odri Azule: “Xiva bugungi kunda ham odamlarni birlashtirgan madaniyat va ilhomning haqiqiy kuchini oʻzida mujassam etgan”

11:12 25 Sentyabr 2020 Madaniyat
407 0

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzga chiqib, 2021-yilda Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi. 

“Dunyo” AAning Parijdagi muxbiri davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi boʻyicha YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonim fikri bilan qiziqdi.

— Mamnuniyat bilan eʼtirof etish joiz, Oʻzbekiston bilan YUNESKO vakolati doirasidagi koʻp sohalarda yuqori darajada samarali hamkorlik oʻrnatildi. Bunga har ikki tomonning soʻnggi yillardagi intilishi va hamkorlikni kengaytirishga boʻlgan tashabbus tufayli erishdik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO bilan yaqin aloqalar oʻrnatish va uni rivojlantirishga boʻlgan ishtiyoqini yuqori baholayman. Parij va Samarqand shaharlarida oʻtgan uchrashuvlarimiz chogʻida bunga yana bir karra amin boʻldim. Hozirgi kunda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning mustahkam poydevori yaratilgan, Oʻzbekiston boʻyicha davlat dasturi va bir nechta “Yoʻl xarita”lari samarali amalga oshirilmoqda.
Kelajakda hamkorlikni mustahkamlash maqsadida har ikki tomon salohiyatidan toʻliq foydalanish talab etiladi, buning uchun yana-da koʻproq harakat qilish kerak. Masalan, YUNESKO vakolati doirasida boshqa yangi loyiha va dasturlar boʻyicha ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mumkin.
YUNESKO yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazishda doim Oʻzbekistonning yaqin hamkori boʻlib kelgan. Soʻnggi yillarda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa, Xalqaro baxshichilik sanʼati festivallari, Xalqaro maqom sanʼati anjumani kabi yirik madaniy tadbirlar YUNESKO hamkorligi va shafeligida oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yili Samarqand shahrida oʻtgan anʼanaviy “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimida mamnuniyat bilan ishtirok etdim.

Bu YUNESKO tashkiloti Oʻzbekiston intilishlarini, shu jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo boʻyicha xalqaro forum oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini, loyihaning amalga oshishida koʻmak berishga tayyor ekanini anglatadi. YUNESKO Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini oʻrganishga salmoqli hissa qoʻshmoqda – bir necha yil avval “Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixi” nomli koʻp jildli kitob nashrdan chiqarildi. Oʻzbekiston Prezidenti taklif etgan forum ham Markaziy Osiyoning mintaqa va dunyo tarixiy taraqqiyotining shakllanishida muhim oʻrin tutgan boy madaniyati va qoʻhna tarixiy merosiga sayohat qilish uchun yana bir yaxshi imkoniyat boʻladi. 
Mintaqaning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi tarixiy vazifasi va bugungi taraqqiyotidan kelib chiqib aytish mumkinki, Markaziy Osiyo hozirgi geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida oʻzaro muloqot va muzokara maydoniga aylanishi mumkin.

Forum uchun tanlangan joy ham ramziy maʼnoga ega: umumjahon tarixiy merosi hisoblangan koʻhna Xiva shahrining goʻzalligi va ulugʻvorligi asrlar davomida olim, usta va rassomlar eʼtiborini jalb qilib, imperiya va madaniyat markazlarining beshigi boʻlib kelmoqda. Bu shahar bugungi kunda ham madaniyat va maʼrifatning insonlarni birlashtira oladigan qudratiga misoldir.

Biz 2021-yilda ushbu muhim tadbirning keng koʻlamda nishonlanishini intiqlik bilan kutib qolamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?