Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilandi

Foto: Arxiv surat
AOKAda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonlari mazmun-mohiyati boʻyicha maʼlumot berildi.
Qayd etish lozim, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqaro va tadbirkorlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlari kuchaytirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023-yil 16-yanvarda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonlar qabul qilindi.
Ushbu Farmonlar bilan sud hokimiyatini chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga doir muhim vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda taʼminlashga qaratilgan yangi mexanizm joriy etildi.
Jumladan, prokuratura organlari tizimida Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etilib, uning asosiy vazifalari belgilandi.
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi:
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonun hamda protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarda ishlarni koʻrishda prokuror vakolatini taʼminlaydi;
sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga koʻmaklashadi, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qoʻllab-quvvatlaydi;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yoʻli bilan samarali himoya qilinishiga erishadi;
sud amaliyotidan kelib chiqqan holda surishtiruv va tergov organlari xodimlarining amaliy koʻnikmalari hamda malakasini oshirish ishlariga koʻmaklashadi.
Taʼkidlash kerak, Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan joriy qilingan mazkur yangi mexanizm avvalgisidan tubdan farq qilib, odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashishning chinakam kafolati boʻldi.
Yaʼni, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi oʻz vakolatlarini har qanday davlat organi va mansabdor shaxsidan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʻysunib amalga oshiradi hamda uning sudda ishtiroki bilan bogʻliq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xodim sudlarda koʻrilayotgan ishlar boʻyicha ayblovni yoki daʼvoni qoʻllab-quvvatlash, oʻzgartirish yoki undan voz kechish, shu jumladan, Kodekslar normalarini qoʻllash, jazo turi va meʼyorini belgilash masalalari yuzasidan fikrini sudga bayon qilishda mustaqil boʻlib, qonun talablariga va ishning barcha holatlaridan kelib chiqqan holda oʻz ishonchiga asoslanadi.
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga Bosh prokurorning sohaviy oʻrinbosari rahbarlik qiladi, nazoratni amalga oshiradi hamda faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tajribali, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qodir, prokuratura organlarida benuqson obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan professional kadrlar orasidan shakllantiriladi.
Viloyat va unga tenglashtirilgan prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga tegishli yoʻnalishlarda, qoida tariqasida, kamida uch yil, Bosh prokuratura Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga esa, qoida tariqasida, kamida besh yil faoliyat yuritgan xodimlar jalb qilinadi.
Korpus xodimlarini boshqa yoʻnalishlarga oʻtkazish esa, Bosh prokuror sohaviy oʻrinbosarining roziligi asosida amalga oshiriladi.
Endilikda Ixtisoslashgan prokurorlar korpus xodimlarining oʻz faoliyatini samarali amalga oshirishlari uchun sud binolarida alohida xizmat xonalari ham ajratilib, zarur sharoitlar yaratiladi.
Shuningdek, har bir hududda Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari va prokuratura organlarining boshqa yoʻnalishlarida uzoq yillar faoliyat koʻrsatgan tajribali xodimlardan iborat Maslahat kengashlari tashkil etiladi.
Ushbu Maslahat kengashlari oʻzaro muhokama asosida oʻta murakkab toifadagi ishlarning yechimini topish, yosh kadrlarni toʻgʻri yoʻnaltirish va ularning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish ishlariga koʻmaklashadi.
Farmonlarda odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish borasida prokuratura organlari zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalar oʻz muddatida, toʻliq va sifatli bajarilishi taʼminlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring