Odamzod qoʻy emas, fikr bildirishga haqqimiz bor, oʻrtoq Qodirov — Deputat “majburiy” emlash mavzusida Qodirovga qarshi chiqmoqda

10:03 28 Iyul 2021 Jamiyat
9789 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi yigʻilishida qonuni loyihasi muhokama qilindi. Unga koʻra COVIDga qarshi vaksina olmagan xodimga ish beruvchi ish bermaslikka haqli boʻladi, deb yozmoqda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidgʻaniyeva.

"Yigʻilishda uchta masalani qoʻydim.

1. Bu qonunning qabul qilinishi vrach tomonidan xodimga vaksina mumkin emas degan koʻrsatma berilishida, vaksina oldi degan soxta maʼlumotnoma berilishida, vaksina olmasang ham pora bersang ishlayver degan holatlarda korrupsiyaga keng yoʻl ochishi mumkin.
Buni kim, qanday nazorat qila oladi?

2. Agar vaksinatsiyadan keyin fuqaroning sogʻligʻi ogʻirlashsa yoki oʻlim holati yuz bersa, bunga kim javob beradi, masʼul boʻladi?
Taklifim, majburiy emlanayotgan (majburiy emas deyishsa ham, ish bermagandan keyin noiloj odam majbur vaksina oladi) fuqaroning hayoti sugʻurta qilinsin, oʻlim yoki salomatligiga ziyon yetsa, davlat kompensatsiya toʻlasin.

3. Majburiy emlash konstitutsiyaga zid.
Uning moddasida inson sogʻligʻi ustida tajriba oʻtkazish mumkin emasligi koʻrsatilgan.
Pandemiya tugamaganligi, yetarli ilmiy xulosalar olinmaganligini hisobga olsak, bu qonunning qabul qilinishi toʻgʻridan toʻgʻri konstitutsiyaga ziddir.

Afsus yigʻilishda soʻzga chiqib koʻtarib aytgan bu fikrlarimga javob berishmadi, Alisher Qodirov esa “Gulbahor opaga oʻxshagan opalar” deb pisanda qilib ovozimni boʻgʻmoqchi boʻldi.
Uning “Oʻzbekiston 24” ga bergan intervyusini koʻrishim kerak ekan va vaksina olishga antitargʻibot qilmas ekanman.

Meni ham xalq saylagan, men ham saylovchilarning haqli savollarini olib chiqdim.

Odamzod qoʻy emas, fikr bildirishga haqqimiz bor, oʻrtoq Qodirov!
Spiker oʻrinbosari boʻlsangiz ham, bitta ovozga egasiz, xolos.
Unutmang", deydi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?