Odamlar qanday yashayapti, ularni qiynayotgan, tashvishga solayotgan muammolar nimalardan iborat?

20:08 24 Noyabr 2020 Jamiyat
215 0

Odamlar qanday yashayapti, ularni qiynayotgan, tashvishga solayotgan muammolar nimalardan iborat? Bugun mutasaddi-rahbarlar ish faoliyatini ana shu oddiy, ammo hayotiy savollarni oʻziga berish bilan boshlashi kerak. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shunday tizim yaratildiki, ushbu yangicha yondashuv rahbar-xodimlarning xalq orasida boʻlib, ular bilan yuzma-yuz muloqot qilish, dardu tashvishlari bilan qiziqish, muammolariga yechim topish imkonini bermoqda. Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan sektorlar, hududiy boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida poytaxtimiz tumanlarida ommaviy qabullar oʻtkazilgani ham shundan dalolatdir.

Xususan, poytaxtimizning Sergeli va Yangi hayot tumanlari aholisi uchun tashkil etilgan muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari A. Usmonov, tuman sektorlari rahbarlari, Toshkent shahar korxona, tashkilot, muassasa va huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari qatnashdi. Sayyor qabulda aholining murojaatlari atroflicha oʻrganilib, ularga shu yerning oʻzida yechim topish masalalari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlash joizki, pandemiya bizning yurtimizni ham chetlab oʻtmadi. Shunga qarmay, aholi murojaatlari bilan ishlash toʻxtab qolmadi. Hududlarda oʻtkazilayotgan sayyor qabullar bu borada muhim hamda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmiga aylandi, desak, adashmaymiz.

Tahlillarga qaraganda, ayni paytgacha Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalarga 4 million 800 dan ziyod murojaat kelib tushgan. Eʼtiborlisi, ularni qanoatlantirish, zarur hollarda huquqiy maslahat va tushuntirishlar berish borasida zarur chora-tadbirlar koʻrilyapti. Bu esa xalqning davlat idoralariga, qolaversa, ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirmoqda.

Muloqotlar chogʻida aholi tomonidan, asosan, uy-joy va moddiy yordam, ish bilan taʼminlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yoʻllarni taʼmirlash, gaz hamda elektr taʼminoti, kommunal xizmat, sogʻliqni saqlash, taʼlim, tijorat banklariga oid, sud qarorlari, ichki ishlar organlari faoliyati va boshqa masalalarda koʻplab murojaat kelib tushdi.

Sayyor qabul oʻtkazilayotganidan xabar topgan Barno Gʻoipova ham oʻz muammolariga yechim izlab, mutasaddilar qabulida boʻldi.  

— Sergeli tumanidagi Ittifoq mahallasida istiqomat qilaman, — deydi B. Gʻoipova. — Keyingi paytlarda fuqarolar dardini tinglash har bir rahbarning kundalik ishiga aylandi. Avvallari oddiy odamlarning biron bir tashkilot rahbari bilan uchrashishi ham qiyin masala edi. Bugun esa, mutlaqo aksi, rahbarlarning oʻzlari kelib, muammolarimiz bilan qiziqyapti. Bu uchun ulardan gʻoyat minnatdormiz.

Bugungi sayyor qabulda mahallamizdagi baʼzi kamchiliklar yuzasidan soha mutasaddilariga murojaat qildim. Masalan, uylarimizdagi isitish tizimi talab darajasida emas. Liftlarimiz taʼmirtalab ahvolda. Sababi ular 40 yildan buyon almashtirilmagan. Shu bilan birga, koʻp qavatli uylar atrofiga yoritkichlar oʻrnatish kerak, kechki paytlari qorongʻuda koʻchaga chiqishga qoʻrqasan kishi. Bu muammolar yuzasidan tuman mutasaddilari joyiga borib oʻrganishini va ular tezda bartaraf etilishini bildirdi. Liftimiz keyingi yilda almashtiriladigan boʻldi.

Farzandini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtira olmay sarson-sargardon yurgan Madina Ahmadjonovaning murojaati ham ijobiy yechim topdi.

— Farzandimni Sergeli tumanidagi 18-MTTga berish boʻyicha navbatga yozilgan edim, — deydi M. Ahmadjonova. — Lekin u yerda navbat koʻpligi sababli boshqa bogʻchaga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi. Navbatga yozildim, ishim hal boʻldi. Bundan juda mamnunman.

Xuddi shunday sayyor qabullar poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham tashkil etildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?