Odamlar bilan muloqot qilib, mavjud muammolarni bartaraf etish — asosiy vazifamiz

21:51 16 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
242 0

Xalq orasida yurib, ularning dardini eshitish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Binobarin, hozir ayni shu tamoyil eng dolzarb masalaga aylangan. Busiz islohotlarning samarasini sezish qiyin, odamlar turmush tarzini yaxshilash imkonsiz. Shu bois ayni paytda yurtimizda kattayu, kichik davlat idoralaridan tortib, xizmat koʻrsatish va moliyaviy tashkilotlargacha shu qoidaga amal qilishga harakat qilmoqda. Zero, muammolar muloqotda maʼlum boʻladi, hamkorlik hamjihatlikda kengayadi, rivojlanadi.

Aslini olganda, xalq orasida boʻlish moliya muassasalari, xususan, tijorat banklari uchun ham juda zarur va foydali. Nega? Chunki banklar faoliyati mijozlarga, yaʼni odamlarga bogʻliq. Ular qanchalik koʻp mijoz jalb etsa, aylanma mablagʻi ham, daromadi ham shunchalik ortib boraveradi. Demak, banklarning bugungi targʻibotu tashviqoti, mijozlarni qiynayotgan turli muammo va toʻsiqlarga barham berishi oʻzaro manfatli hamkorlikni mustahkamlaydi. Shu maʼnoda, «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat bankining mamlakatimizning shimoliy hududi — Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qaratayotgan eʼtibori bejiz emas.

Aytish kerakki, Qoraqalpogʻiston Respublikasiga keyingi yillarda juda katta eʼtibor qaratilmoqdaki, buning samarasi kundan kunga chiroy ochib borayotgan Moʻynoq va boshqa tumanlardagi oʻzgarishlarda, tom maʼnoda hayotga qaytayotgan Orolboʻyi hududlaridagi obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish borasida bajarilayotgan misli koʻrilmagan ishlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Orolning qurigan qismiga sepilgan har bir urugʻ va koʻchat ertaga unib, oʻsib niholga, daraxtga aylanishi, shubhasiz. Zero, bu ishlardan niyat xolis, koʻzlangan maqsad aniq.

Bu kabi ishlarga kamarbasta boʻlayotgan Mikrokreditbank jamoasi Qoraqalpogʻistonning bir qator tumanlarida, xususan, Chimboy va Xoʻjayli tumanlarida kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining turmush farovonligini taʼminlashga koʻmaklashishni oʻzlariga vazifa qilishdi.

Xoʻsh, kambagʻallikni qanday qilib kamaytirish mumkin? Mutaxassislar bunga tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, yangi ish oʻrinlari tashkil etish orqali daromad topish imkonini yaratish bilan erishiladi, deya fikr bildirishadi.

Darhaqiqat, shunday. Odam qachonki doimiy daromadli ishga ega boʻlsagina turmushida baraka boʻladi. Oila tinch-totuv hayot kechiradi. Shu jihatdan olib qaraganda, Mikrokreditbank mutaxassislari tomonidan ushbu tumanlardagi vaziyat chuqur va tahliliy oʻrganib chiqilgani ishni toʻgʻri tashkil etishda qoʻl kelyapti, deyish mumkin.

Oʻrganishga koʻra, hozirgi kunda Chimboy tumanida jami 1 781 ta tadbirkorlik subyekti mavjud boʻlib, shundan 1 120 tasi yakka tartibdagi tadbirkor va 661 tasi yuridik shaxsni tashkil etadi.

Tumanning drayver sohasi sifatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va chorvachilik yoʻnalishlari belgilab olindi. Shu bois mazkur yoʻnalishlarda 176 ta yangi ish oʻrniga ega umumiy qiymati 63,9 mlrd. soʻmlik 19 ta (6 ta donni qayta ishlash, 13 ta chorvachilik yoʻnalishida) yangi loyiha yoʻlga qoʻyildi.

Tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ijrosi boʻyicha olib borilgan oʻrganishlar davomida 2020-2022-yillarga moʻljallangan 750 ta yangi ish oʻrniga ega 252,3 mlrd. soʻm (bank krediti 22,1 mlrd.soʻm va 13,4 mln.doll.) qiymatidagi jami 81 ta (13 ta yangi tashkil etilgan korxona) investitsiya loyihasi shakllantirildi.

Xoʻjaylida esa jami 2 844 ta tadbirkorlik subyekti mavjud boʻlib, shundan 1 926 tasi yakka tartibdagi tadbirkor va 918 tasi yuridik shaxs hisoblanadi. Mazkur tumanda esa meva-sabzavotchilik va chorvachilik ancha rivojlangani bois, mazkur yoʻnalishlarda 273 ta yangi ish oʻrniga ega umumiy qiymati 64,1 mlrd.soʻmlik 33 ta (8 ta meva-sabzavot, 25 ta chorvachilik) yangi loyihalar shakllantirilgan.

Ushbu hududda oʻrganish davomida 2020-2022-yillarga moʻljallangan 899 ta yangi ish oʻrniga ega 291,1 mlrd. soʻm (bank krediti 75,4 mlrd.soʻm va 
1,6 mln.doll.) 
qiymatidagi jami 130 ta (21 ta yangi tashkil etilgan korxona) investitsiya loyihalari shakllantirildi.

Hududda ishlab chiqarish zanjirini yaratish maqsadida Xoʻjayli Davlat oʻrmon xoʻjaligi , “Ecoline Root” MCHJ va “American Arirang Group Co.Ltd” MCHJ ishtirokida qizilmiya ildizini chuqur qayta ishlashni tashkil etadigan klaster tizimi yoʻlga qoʻyish belgilab olindi.

Chimboy tumanidagi mavjud Kichik sanoat zonasida 3 ta loyiha roʻyobga chiqarilishi belgilangan boʻlib, hozirgacha uning ikkitasi 
ishga tushirilgan boʻlsa, Xoʻjaylidagi kichik sanoat hududida sanoatning bir qator yoʻnalishlarida 9 ta yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Eʼtiborlisi, bugunga qadar 7 ta korxona faoliyatini boshlagan va qolgan 2 ta loyihani amalga oshirish ishlari tarmoq jadvaliga asosan davom etmoqda.

Chimboy tumanidagi mavjud 51 ta sanoat korxonasi faoliyati oʻrganilganda 24 ta korxonaga pandemiya oʻz taʼsirini koʻrsatgani aniqlandi. Shu sababli 5 nafar tadbirkorning 4,2 mlrd. soʻmlik kredit toʻlovlari boʻyicha taʼtil berilgan boʻlsa, 3 nafariga 1,2 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratildi hamda 2 ta faoliyati toʻxtagan tadbirkorlik subyektiga yil yakuniga qadar 1,3 mlrd. soʻm aylanma mablagʻ uchun kreditlar ajratilishi belgilab olindi.

Xoʻjayli tumanidagi mavjud 147 ta sanoat korxonasining faoliyati oʻrganilganda esa 29 ta korxonaning faoliyati ham pandemiya sabab toʻxtagani, 41 ta korxonada muammolar mavjudligi aniqlandi. Bu yerda ham shu davrda 10 ta tadbirkorning 3,5 mlrd. soʻmlik kredit toʻlovlari boʻyicha taʼtil berildi, 22 ta tadbirkorga 2,3 mlrd. soʻm kredit ajratildi hamda 13 ta (faoliyati toʻxtagan) tadbirkorlik subyektlariga yil yakuniga qadar 11,1 mlrd. soʻm aylanma mablagʻ uchun kreditlar ajratilishi belgilab olindi.

Chimboy tumanida jami 6 ta korxona eksport bilan shugʻullanadi. 2020-yilda tumanda jami 5,7 mln. dollarlik eksport prognozi belgilangan boʻlib, 9 oy davomida 3,4 mln. dollar qiymatidagi mahsulotlar xorij bozohlariga sotilgan.

Xoʻjaylida esa 12 ta korxona oʻz mahsulotlarini tashqi bozorga sotsa,

2020-yilda tumanda jami 5,5 mln. dollar eksport prognozi belgilangani holda, oʻtgan 9 oyda jami 2,9 mln. dollar qiymatidagi mahsulotlar eksport qilingan. Yil yakuniga qadar belgilangan rejani bajarish uchun 2,6 mln. dollarlik mahsulotlarni eksport qilish zarur boʻladi.

Ayni paytda Chimboy tumanida 21 ta mahalla va ovul fuqarolar yigʻinidagi 18 571 ta xonadonlarda 113 ming aholi istiqomat qiladi. Tumandagi jami ishsizlar soni 6,2 ming nafar. Xoʻjayli tumanidagi 26 ta MFYda 123 mingta aholi istiqomat qilsa, shundan 6 507 nafari ish bilan taʼminlanishi zarur. Shu bois har ikki tumanda ular “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan.

Chimboy tumanidagi «Pashent tau», «Tagʻ jap», Xoʻjaylidagi «Sarishungul» va «Qumjыqqыn» ovul fuqarolar yigʻinlari oʻrganilganda quyidagi muammolar aniqlanib, ularning yechimi boʻyicha “Yoʻl xarita”si ishlab chiqildi. Ushbu tuman aholisini deyarli bir xil muammo qiynab kelmoqda. Yaʼni ishsizlik, yer, elektr energiyasi va gaz taʼminoti hamda uy-joy ular uchun dolzarb.

Shu bois Chimboyda ijtimoiy dasturlar doirasida joriy yilda 552 ta jismoniy va yuridik shaxsga 18,3 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, buning natijasida 1 013 nafar aholi bandligi taʼminlandi. Shuningdek, 2020-yil yakuniga qadar 4,5 mlrd. soʻm kredit ajratilib, yana 225 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilandi.

Xoʻjaylida ijtimoiy dasturlar doirasida joriy yil davomida 708 ta jismoniy va yuridik shaxsga 16,2 mlrd.soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilib, buning natijasida 986 nafar aholi daromadli ishga jalb qilindi. Shuningdek, 2020-yil yakuniga qadar 4,1 mlrd.soʻm kredit ajratilib, 198 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi belgilandi.

Bundan tashqari, tumanda tashkil qilinishi rejalashtirilgan 50 ta uy bogʻchalarini “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida moliyalashtirish belgilanib, bugungi kunda 8 ta uy bogʻchasiga 
240 mln. soʻm kredit ajratildi va 200 nafar bola qamrab olindi.

Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tumanda yoshlarning innovatsion gʻoya va loyihalarini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan «Kovorking markazi»ni tashkil etish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.

Amalga oshirilgan ishlar, koʻrilgan chora-tadbirlardan nimalar kutilmoqda? Bular tufayli Chimboyda yil yakuniga qadar jami 2 490 shundan, 2020-yilda 724, 2021-yilda 1 045, 2022-yilda 721 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Bular, tabiiyki, ushbu hududlar salohiyati yuksalishiga, pirovardida shu yerda istiqomat qilayotgan odamlar turmush tarzini yaxshilashga xizmat qilishi muqarrar. «Mikrokreditbank» ATB esa ularni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga hamisha tayyor va buning uchun ushbu tumanlardagi loyihalarga maxsus kredit liniyalari jalb qilishga kirishgan.

Bank axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?