Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

13:41 23 May 2024 Jamiyat
247 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Bugun, 23-may kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etdi.

“Odam savdosi jabrlanuvchilarini qayta yoʻnaltirishning milliy mexanizmlari. Odam savdosi jabrlanuvchilari huquqlarini himoya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish: muammolar, ilgʻor tajriba va kelajak istiqbollari” mavzusi tadbir ishtirokchilari muhokamasida boʻldi.

Tadbirda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya, vazirlik va idoralar, BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari, Markaziy Osiyo mamlakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, sohaning tashkiliy va huquqiy jihatlarini, milliy qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorlikdagi faoliyati hamda ular tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning natijadorligi yuqori baholandi. Xususan, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya hamda ushbu masala boʻyicha Milliy maʼruzachi instituti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar eʼtirof etildi.

Maʼlumki, yurtimizda odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi, Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yoʻnaltirish tartibi belgilandi, qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.

Tadbirda YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori A.Karttunen, uning ofisi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda qator davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari maʼruza bilan ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda YEXHT bilan hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashishda hamkorlikni yanada rivojlantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер