Ochiqlikni samarali taʼminlagan davlat organlari masʼul xodimi ragʻbatlantiriladi

Foto: Illustrativ foto
“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–154-son, 14.06.2022-y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, 2022-yil 1-avgustdan:
- Davlat byudjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritiladi;
- davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi.
Ochiqlik indeksi quyidagi indikatorlar asosida baholanadi:
- ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlar faoliyatining samaradorligi;
- davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish holati;
- ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yoʻlga qoʻyilishi;
- byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga oid maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;
- Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi;
- ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;
- korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;
- jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.
Ochiqlik indeksi “0” balldan “100” ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.
Baholash har yili oldingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabrigacha boʻlgan davrini oʻz ichiga qamrab oladi.
2022-yilda Ochiqlik indeksi 1-iyuldan boshlab joriy yilning ikkinchi yarmi qamrab olingan davr uchun baholanadi.
Ochiqlik indeksini hisoblash natijalari har yili 1-aprelgacha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (Agentlik) tomonidan “eanticor.uz” elektron platformasi va OAVda eʼlon qilib boriladi.
Amalga oshirilgan ishlar va koʻrilgan choralar ijrosi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari hisobotlari har yarim yilda Oliy Majlis Senati majlislarida eshitiladi.
Agentlik tavsiyasiga asosan bir yilda bir marta faoliyati “yashil” toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlari bir oylik lavozim maoshining 50 foizi miqdorida ragʻbatlantiriladi.
Farmon bilan Agentlik huzurida Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasi tashkil etildi.
2022-yil 1-iyuldan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar davlat organlari va tashkilotlari rasmiy veb-saytining bosh sahifasida alohida boʻlimga joylashtiriladi.
Ushbu maʼlumotlar boshqa sahifaga joylashtirilmagan taqdirda, eʼlon qilinmagan deb hisoblanadi.
Farmon bilan shuningdek, Agentlikka davlat tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlash borasida qoʻshimcha huquqlar berildi.
Agentlik davlat organlari va tashkilotlariga:
- ochiqlik sohasida belgilangan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirish eʼlon qiladi;
- ochiqlikka oid talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritadi;
- ochiq maʼlumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida soʻrovnoma yuboradi.
Ogohlantirish, taqdimnoma va soʻrovnomalar davlat tashkilotlari tomonidan 10 kun muddat ichida koʻrib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.
2023-yil 1-yanvargacha ochiqlikni taʼminlash boʻyicha monitoring oʻtkazish, ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash, shuningdek, Ochiqlik indeksini baholash jarayonlari Yagona idoralararo axborot tizimi (platforma) orqali yoʻlga qoʻyiladi.
Farmon bilan Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodika tasdiqlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring